O‘n mingga yaqin aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi
Samarqand shahrida “Hududlarda fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini oshirish: muammo va istiqbollar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Yuksalish” harakati tomonidan Shveysariya Taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda mahalliy fuqarolik jamiyatini mustahkamlash va muloqot platformalarini yaratish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Unda hududlarda fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda institutsional barqarorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Ayniqsa, joylarda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoatchilik tuzilmalarining ish samaradorligini oshirish, ularning tashkiliy va boshqaruv salohiyatini kuchaytirish, davlat organlari bilan hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hududlarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, sohada mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy yechimlar yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
“Yuksalish” harakati raisi o‘rinbosari Umid Rajabovning ta’kidlashicha, bugungi kunda harakat 110 mingdan ziyod a’zolariga ega va tarmog‘ida 800 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari, 400 ga yaqin ekspertlarni jamlagan. Ular bilan hamkorlikda davlat dasturlarining monitoringi, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar, tadqiqotlar, ijtimoiy, iqtisodiy masalalar hamda turli yo‘nalishdagi loyiha va aksiyalarning ijrosi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga xulosalar berib kelinmoqda.
– Fuqarolik jamiyati qanchalik faol bo‘lsa, jamiyatda ochiqlik va jamoatchilik nazorati ham shunchalik mustahkamlanadi, – deydi U.Rajabov. – Shu bois davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim. Biz ham hududlarda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib boryapmiz. Ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, loyihalarini amalga oshirishda amaliy ko‘mak berish va tajriba almashish imkoniyatlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, joriy yil Samarqandda “Yuksalish” harakati tomonidan “Hayot ulash” loyihasi doirasida o‘n mingga yaqin aholining ichimlik suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarini hal etish hamda “Ziyoli kelajak” aksiyasi doirasida maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, adabiyotlar bilan ta’minlash hamda viloyat rivoji uchun xorijdagi yirik biznes vakillarini jalb qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Samarqand shahrini o‘zi kabi dunyoning tarixiy shaharlari bilan birodarlik aloqalarini o‘rnatishiga ko‘maklashishda davom etamiz.
Tadbir davomida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar kelgusida amalga oshiriladigan loyihalar va tashabbuslarda inobatga olinishi qayd etildi.