Ona tilim – qalbim quyoshi

Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to‘lishi munosabati bilan institutning pedagogika fakultetida fakultet o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirokida “Ona tilim – qalbim quyoshi” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda so‘z olgan pedagogika fakulteti yoshlar masalalari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Mahmud Xolmurodov o‘zbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib o‘tilgan qiyinchiliklardan tortib, hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda davlat tilini yangi pog‘onaga olib chiqish borasida qilinayotgan sa’y-harakatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, yig‘ilganlar tilimizni davlat tili sifatidagi maqomi, uning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash, tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirib, taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda barcha o‘z hissani qo‘shishi zarurligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng fakultet talabalari tomonidan o‘zbek romanchiligiga asos solgan, millatni hurlik va erkinlikka chorlagan Abdulla Qodiriy hayoti va faoliyatiga oid sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Tadbirda o‘zbek tilini ulug‘lovchi she’r va qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbirda talabalar o‘rtasida ona tili bo‘yicha esse, ko‘rgazma va videoroliklar ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Esselar bo‘yicha 1-o‘rin pedagogika fakulteti talabasi Rayhona Abdug‘afurovaga nasib etdi. Tanlovda g‘olib bo‘lgan talabalar institut tomonidan taqdirlandi.
Dilafro‘z Negmatova,
Nafisa Qayumova,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti tyutorlari.