Ona va bolaning hayotiga zomin bo‘lgan haydovchiga jinoiy jazo tayinlandi
F.R. 1993 yil Urgut tumanida tug‘ilgan. Hali 30 yoshga ham kirib ulgurmagan bu yigit hayotining 8,5 yilini panjara ortida o‘tkazadigan bo‘ldi. Nega?
U joriy yil 4 may kuni soat 19:30 larda, Urgut tumani Tinchlik mahallasi hududidan o‘tuvchi “Samarqand-Panjakent Sadriddin Ayniy A-377” avtomobil yo‘lida, boshqaruvida bo‘lgan “Vaz-2106” rusumli avtomashinasida “Yo‘l harakat qoidalari”ni qo‘pol ravishda buzib, “Gaz 5327” rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashuv sodir qilgan.
Oqibatda yuk avtomashinasi salonida bo‘lgan ayol va uning voyaga yetmagan o‘g‘li og‘ir, hayot uchun xavfli bo‘lgan tan-jarohati olib, voqea joyida halok bo‘lgan.
Aslida F.R. “Vaz-2106” rusumli avtomashinani bir hafta oldin pulini bo‘lib-bo‘lib berish sharti bilan qo‘shnisidan sotib olgan. Avtomashina pulini to‘liq bermaganligi sababli o‘z nomiga rasmiylashtirib olmagan va boshqarish vakolatini beruvchi ishonchnoma ham olmagan.
Bundan tashqari, unda avtomashina boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi ham bo‘lmagan. Eng yomoni, u o‘sha kuni spirtli ichimlik iste’mol qilgan holatda ikki jiyanini avtomashinaga mindirib yurgan bo‘lgan.
F.R. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybli deb topildi. U 3 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Muayyan huquqdan va ozodlikdan mahrum qilish jazolari alohida ijro etiladi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini manzil koloniyalarida o‘tash belgilandi.
Jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirildi.
A.AHMADOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi sudyasi.