“I operatsiyasi va Shurikning boshqa sarguzashtlari” filmi haqida qiziqarli faktlar

Leonid Gayday – afsonaviy rejissyor, sobiq ittifoq kinematografiyasining oltin fondidan munosib joy olgan yorqin va mashhur filmlar muallifi. Uning filmlari qalbimizdan shunchalik chuqur joy olganki, biz ularni 20 martalab qaytadan tomosha qilishimiz mumkin. Gayday tasvirga olgan birinchi komediya, jiddiy senzuraga yo‘liqqan edi, omadsiz debyutni Gayday juda og‘ir qabul qilgan, hatto komediya janridan butunlay voz kechmoqchi ham bo‘lgan. Bizning baxtimizga, uni bu fikrdan qaytishga ko‘ndirishgan. 

1. Dastlab “I operatsiyasi va Shurikning boshqa sarguzashtlari” filmi “Jiddiy bo‘lmagan voqealar” nomi ostida chiqarilishi rejalashtirilgan, unda bosh qahramon Vladlen Arkovning sarguzashtlari haqida so‘z boradi. Ammo senzorlar komik qahramonning ismi “dunyo proletariati” sardorini (Vlad+Len (Lenin)) ismini eslatmasligi kerak deb hisoblashdi, shunday qilib Vladlen Shurikka aylandi.

2. “Ro‘yxatni hammasini o‘qing, iltimos!” so‘zli sahna, Gayday bilan harbiy xizmat chog‘ida Mo‘g‘ilistonda sodir bo‘lgan real voqeaga asoslangan. O‘shanda harbiy qismga harbiy komissar kelib: “Kim artilleriyaga? Kim flotga” – deb so‘raganda, bo‘lajak rejissyor barcha savolga: “Men!” – deb javob bergan. G‘azablangan harbiy komissar: “ro‘yxatni oxirigacha o‘qigunimcha, shoshmay tursangiz-chi!” – deb baqirgan. Darvoqe, ro‘yxatni hammasini o‘qishni so‘ragan personajni, mish-mishlarda aytilganidek Gayday o‘ynamagan. Ushbu rolni aktyor Oleg Skvorsov ijro etgan.

3. Bezori rolini dastlab Mixail Pugovkin (keyinchalik ish boshqaruvchi rolini ijro etgan) ijro etishi kerak edi, biroq 2 haftalik fikr-mulohazadan keyin unga ish boshqaruvchi (prorab) rolini berishlarini so‘ragan, chunki naynov, kelbatli bezori roli uchun uning tanasi yetarli baquvvat emasdi.

4. Shurik va bezori Fedya ishtirokidagi sahnalarning birini tasvirga olish chog‘ida, kimningdir mas’uliyatsizligi oqibatida bitum (asfal tay’yorlash xomashyosi) alanga ola boshlaydi. Alangani kinochilar va quruvchilar birgalashib o‘chirishgan.

5. Shurik bilan Lida konspekt o‘qish bilan ovora bo‘lishib, ularga qarab hurgan “boksyor” itni sezmay yonidan o‘tib ketishadi, o‘sha sahnani tasvirga olish jarayonida Gayday antiqa xiyla o‘ylab topadi. Rejissyor itning tagiga yotib oladi va oldingi oyoqlarini biroz ko‘taradi, bu holat it yelkalarini qisib, chuqur xo‘rsingani taassurotini uyg‘otadi.

6. “I operatsiyasi”ni tasvirga olish jarayonida ko‘p kulguli sahnalar tasvirga olish jarayonining o‘zida aktyorlar tomonidan o‘ylab topilgan. Shunday qilib, ko‘kragidan jarohatlangan Nikulin qahramonining ko‘kragidan qon emas, qizil vino sizib chiqishini Nikulin o‘ylab topgan. Skelet va shaqqillagan tishlar sahnasi ham Nikulinning “ixtirosi” edi.

7. Uchinchi hikoyani (novella), odatda qor ko‘p yog‘adigan dekabr oyida Leningradda (hozirgi nomi Sankt-Peterburg) tasvirga olish rejalashtirilgan edi. Ammo ob-havo tasvirga olish guruhiga pand berdi, qor yo‘q edi. Tasvirga olish maydonchasini shahardan juda uzoqqa ko‘chirishga to‘g‘ri keldi. Belgilangan joyga yetib kelishlari bilan u yerda ham qor erib ketdi. Shundan so‘ng Gayday sun’iy qordan foydalanishga qaror qildi. Sun’iy qor shunchalik ishonarli chiqdiki, uni hatto bugungi kunda ham haqiqiy qordan ajratish qiyin.

Bekzod Musurmonov tarjimasi.

(Adme.ru’dan olindi.)