Oqdaryo tumanida kam ta’minlangan oilalarga nafaqa tayinlash va to‘lashda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yganlar javobgarlikka tortildi
Tuman adliya bo‘limi tomonidan ushbu yo‘nalishdagi muhim hujjat - Prezidentimizning 2020 yil 3 aprel kungi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi monitoring asosida o‘rganildi.
Aniqlanishicha, ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan nafaqa to‘lash muddati tugagan kam ta’minlangan oilalarga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan ularning nafaqa pullarini to‘lashni davom ettirishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, Avazali mahallasida yashovchi fuqaro D.Juliyevaning moddiy yordam nafaqasi muddati 2020 yil mart oyida tugagan bo‘lsa-da, 6 oy muddatga tanaffussiz davom ettirish chorasi ko‘rilmagan.
Shuningdek, ushbu mahalladagi 9 oilaning, Istiqlol mahallasida 4 oilaning, Mustaqillik mahallasida 1 oilaning 14 yoshgacha bolasi uchun to‘lanadigan nafaqasini to‘lash tanaffussiz davom ettilmasdan, ularga 2020 yil aprel oyi uchun 4 million 100 ming so‘mlik nafaqa pullari to‘lanmagan.
Qonun tili bilan aytganda, ushbu mahalla fuqarolar yig‘inlari mansabdor shaxslari tomonidan davlat rahbari qarorining 2-bandi talabi buzilgan.
Mazkur holat yuzasidan adliya bo‘limining aralashuvi bilan fuqarolarga 2020 yil mart-aprel oylari uchun jami 8 million 200 ming so‘mlik nafaqa pullari Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan to‘lab berilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, mahallalarda tartibga zid ravishda birinchi marta nafaqa tayinlangan fuqarolarga asossiz ravishda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan nafaqa to‘lab berilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, Avazali mahallasida 10 kishiga 2 million 577 ming so‘m, Mustaqillik mahallasida 1 kishiga 267 ming so‘m, Navro‘z mahallasida 2 kishiga 730 ming so‘m, Uchtepa mahallasida 3 kishiga 1 million 452 ming so‘m, Istiqlol mahallasida 4 kishiga 1 million 242 ming so‘m, Yangiqo‘rg‘on mahallasida 12 kishiga 3 million 812 ming so‘m nafaqa pullari Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan noto‘g‘ri to‘lab berilgan.
Tuman adliya bo‘limining aralashuvi bilan ushbu pul mablag‘larining Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga qaytarib to‘lanishi ta’minlandi.
O‘z navbatida, yuqorida nomlari ko‘rsatilgan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mas’ul kotiblar va mahallalarga biriktirilgan tuman bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudning qarori bo‘yicha javobgarlikka tortildi.
Bundan tashqari, yuqoridagi qaror ijrosini ta’minlashda qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 35 ta ogohnomalar kiritildi.
Elbek DAVRONOV,
Oqdaryo tumani adliya bo‘limi boshlig‘i.