Oqdaryo tumanida sodir etilgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyati yuzasidan ma’lumot

Avvalroq, Oqdaryo tumanida sodir etilgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyati yuzasidan ma’lumot berilgan bo‘lib, ma’lumotda jinoyat tuman “Agrobank” filialining binosida sodir etilganligi, jinoyatchi binoda xizmat olib borayotgan IIB xodimlari tomonidan ushlanganligi ko‘rsatilgan edi.

Keyinchalik tergov davomida aniqlanishicha, 2019 yil 6 sentyabr kuni soat 18:00 larda fuqaro A.B. spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi binosining birinchi qavatida joylashgan “Agrobank” tuman filiali maslahatxonasiga kirib kelib, hech bir sababsiz janjal chiqargan. Janjal davomida yonida bo‘lgan yig‘ma pichoq bilan ushbu xonada ishlayotgan bank xodimlari N.Sh., U.H. va tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi xodimi R.J.larni urib, tan jarohati yetkazgan vaqtda, shu yerda bo‘lgan fuqarolar tashqaridan o‘tib ketayotgan ichki ishlar bo‘limi xodimini chaqirishadi. IIB xodimi tomonidan fuqaro A.B. ushlanib, undan bir dona yig‘ma pichoq daliliy ashyo sifatida olingan. Jinoyat sodir etilgan joy, ya’ni Oqdaryo tumani qishloq xo‘jalik bo‘limi binosi qo‘riqlovga olinmagan bino bo‘lganligi sababli, u yerda IIB xodimlari xizmat olib bormaydi. Chunki, ushbu binoda bank doimiy faoliyat ko‘rsatmaydi. Bank xodimlari u yerga faqat belgilangan kunlarda fuqarolarga maslahat berish uchun borishadi.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 6 sentyabr kuni Oqdaryo tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan  A.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tan jarohati olgan uch nafar fuqaroga nisbatan shu kuni sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

7 sentyabr kuni A.B. jinoyat ishida JKning 104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, shu kuni JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi.