Oqdaryoda radarlarni YHX xodimlari nega buzib olib ketishdi? Mutasaddilar avtomagistral yo‘lni kesib maktabga boradigan bolalarning xavfsizligini o‘ylamayaptimi?
Hurmatli tahririyat! Men Xalq deputatlari Oqdaryo tuman Kengashi deputatiman. Men 2019 yil 31 may kuni Samarqand viloyat IIB YHXB boshlig‘i A.Nosirovga Oqdaryo tumani «Oqdaryo» MFY aholisi nomidan murojaat qilgan edim. Murojaatning mazmuni quyidagicha:
«Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi» M-37 avtomagistralining 25,5 kilometrining chap tomonida 29-maktab joylashgan. Maktabga yo‘lning o‘ng tomonidan o‘quvchilar o‘tishga qiynalmoqda. O‘qituvchilar qizil bayroqcha ko‘tarib avtomashinalarni ogohlantirishiga qaramasdan avtomobillar 100-150 km/soat tezlikda o‘tib, yana o‘qituvchilarni haqoratlab ketmoqda. Shu sababli ushbu o‘tish joyiga tezlikni tartibga solish uchun yo‘l belgilari, fotoradar yoki svetofor qo‘yilsa, bir nechta yo‘l-transport hodisalarining oldi olingan bo‘lardi.
Bundan tashqari, viloyat hokimi E.Turdimovning 2019 yil 13 iyun kuni Oqdaryo pedagogika kollejida bo‘lgan «Sayyor qabuli»da ham ushbu masalani deputat sifatida ko‘targan edim. Natijada tuman hokimi 2 ta onlayn radarga mablag‘ ajratib, aytilgan joyga uskunalarini o‘rnatgan edi. Kecha, ya’ni 14 avgust kuni ushbu uskunalarni tuman YHX xodimlari buzib olib ketishdi. Sababini so‘rasam, «Bu yerda aloqa yo‘q!» - deyishdi.
Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mas’ul xodimi bilan telefon orqali gaplashdim. U bu haqda xabari yo‘qligini aytdi. Xalqning deputatga, davlatga nisbatan ishonchi yo‘qolayapti!? Biz deputatlar xalqning og‘irini yengil qilolmayapmiz!? Davlat tashkilotlari hali ham o‘z bilganidan qolmayapti.
To‘lqin Homidov.