Oqdaryodagi avtobus yong‘inida hech kimga talafot yetmagan

Zarnews.uz saytiga xabar berishlaricha, Oqdaryo tumani hududidan o‘tuvchi “Toshkent-Buxoro” yo‘nalishi M-37 avtomobil yo‘lining 12 kilometrida sodir bo‘lgan yong‘in hodisasini tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i B.Ibragimov quyidagicha izohladi:

Joriy yilning 29 may kuni soat 19:00 da Oqdaryo tumani Mustaqillik mahallasi hududidan o‘tuvchi mazkur avtomobil yo‘lida “Siyovush-trans-servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati haydovchisi, 1991 yilda tug‘ilgan, Payariq tumanining Devarak qishlog‘ida yashovchi D.A boshqaruvida bo‘lgan “Isuzu” rusumli, 30749 YAA davlat raqam belgili avtobusda yong‘in sodir bo‘lgan.

Aniqlanishicha, Samarqand tumani Ohaliq mahallasi hududida joylashgan bog‘dorchilik va fermer xo‘jaliklarida yollanma ishchi sifatida ishlovchi 14 nafar fuqarolarni yashash uylari, ya’ni Oqdaryo tumani Yangiobod mahallasiga olib kelayotgan vaqtida avtobusning akkumlyatoridan dvigateliga boruvchi elektr simlari qisqa tutashuvidan yong‘in kelib chiqqan.

Oqibatda, avtobusning ichki saloni va barcha rezina shinalari qisman yonib, zarar ko‘rgan.

Voqea joyiga Payariq  tumani 8-sonli KYoXQ va Samarqand shahar 6-sonli HYoXQ larning ikkita ekipajlari o‘t uchiruvchilari chiqib, yong‘inni bartaraf qilgan.

Avtobusda bo‘lgan 14 nafar yo‘lovchilarning hech biri tan jarohati olmagan va haydovchi tomonidan boshqa yo‘lovchi avtomashinalarda manzillariga jo‘natilgan.

Haydovchi D.A.ning haydovchilik guvohnomasi, taloni, transport vositasining qayd etish guvohnomasi, sug‘urta polisi va yo‘l varaqasi yong‘in natijasida yonib ketgan.

Ayni paytda holat yuzasidan Oqdaryo tumani yong‘in xavfsizligi bo‘limi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.