Oqdaryodagi chaqnash “kondensat”ni eritish uchun gazballon ostiga sham yoqish oqibatida sodir bo‘lgani aytilmoqda
Kecha, 19 dekabr kuni Oqdaryo tumanining Navro‘z mahallasidagi oshxonada chaqnash sodir bo‘lib 10 kishi shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingan edi.
Mazkur holat ayni vaqtda tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda va tez orada rasmiy tafsilotlar beriladi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur voqea oshxonada gazballonlar ostiga sham yoqilishi oqibatida sodir bo‘lgan.
Odatda maishiy gaz ballonlari ma’lum muddat foydalanilgach, ballon ostki qismida cho‘kindi (kondensat) hosil bo‘ladi. Garchi bu xavfli va qoidalarga xilof bo‘lsa-da ana shu kondensat ba’zan qizdiriladi. Guvohlardan bir nechtasi voqea xuddi shu sababdan sodir bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi e’lon qilgan rasmiy xabarda ham voqea joyida 2 ta propan gaz balloni bo‘lgani aytildi.
Guvohlaridan biri B.U.ga ko‘ra, oshxonadagi gaz balloni gipsokarton bilan o‘ralgan maxsus joyda bo‘lgan. Uning yonida esa omborxona bo‘lgan. Shuningdek, oshxonaga chiqadigan eshik va qolipli non (buxanka) ishlab chiqarish sex bo‘lgan:
- Oshxonadagilar gazballon tagiga sham yoqqan. Sham qizib porlab ketgan va gazballon o‘rtasidan yorilgan. Birinchisi panqillab ketib, yong‘in bo‘ldi. Yong‘in bo‘lganidan keyin ikkinchisi ham portlab ketdi. Bu yerda devorni o‘rniga gipsokarton qo‘yilgan. Portlash natijasida u yo‘q bo‘lib ketdi.
Voqea sodir bo‘lgach, shu atrofda yurganlar bir necha kuygan fuqarolarga yordam ko‘rsatganini aytishmoqda.
Tuman tibbiyot birlashmasi vakiliga ko‘ra, jabrlanganlarga avval tumanning o‘zida birinchi yordam ko‘rsatilib, so‘ngra respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga yuborilgan.