Oqdaryolik hunarmand mahsulotlarini Amerikaga sotyapti
Bundan 4-5 yil ilgari tumanda barmoq bilan sanarli hunarmandlar bor edi. Balki ko‘proq bo‘lgandir, ammo ular haqida hech qanday ma’lumot bo‘lmagan. Mahallabay ishlash tizimi, hududlarda hokim yordamchisi hamda yoshlar yetakchisi vazifalari joriy etilgach, hunarmandchilik bilan shug‘ullanadiganlar izlab topilyapti, ular safi kengayib boryapti. Bugungi kunda tumanda 46 nafar fuqaro “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan. Ular 300 nafarga yaqin yoshlarni shogirdlikka olgan.
Hunarmandlar oilasi
Tumanning “Temarak” mahallasi Mullaxo‘ja qishlog‘ida yashovchi Azimxon aka Muhiddinov 40 yildan beri milliy hunarmandchilik bilan shug‘ullanib keladi. Shuningdek, u musiqa va san’at maktabida o‘quvchilarga musavvirlik sirlarini o‘rgatib keladi.
- Oilaviy hunarmandchilik bilan shug‘ullanamiz, - deydi usta. – O‘zim ikki o‘g‘lim bilan turli uy-ro‘zg‘or buyumlari, jumladan, milliy naqshlar tushirilgan stol-stullar, idish-tovoqlar, beshik va so‘rilar yasayman. Dahbedlik usta Qahramon Saidov tomonidan qo‘l mehnati bilan tayyorlanadigan shaxmat donalariga moslab, doskalar yasaymiz. Bunga talab katta. Undan ham xontaxta, ham stol sifatida foydalanish mumkin. Oilamizda ayollar ham hunarli. Turmush o‘rtog‘im kelinlar bilan kashta tikadi. Kelajakda kredit olib, oilaviy korxona tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Mijozlarimizning aksariyati xorijlik
“Turon” mahallasi Arpa qishlog‘ida 2000 yildan beri yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanib kelayotgan Jamol Esonovning ayni paytda 20 dan ortiq shogirdi bor. Ular asosan sayyohlar uchun sovg‘abop mahsulotlar tayyorlaydi.
Hunarmand va uning shogirdlari tomonidan tayyorlanadigan 2 pallalidan 16 pallaligacha bo‘lgan lavhlarni asosan xorijliklar xarid qiladi. Birgina to‘rt pallali lavhni tayyorlash uchun kamida ikki kun vaqt sarflanar ekan. Lavh bir butun yog‘ochdan maxsus arralar yordamida hech qanday yelim yoki mix ishlatmasdan yasaladi. Bezak uchun o‘yma naqshlar solinadi.
- Asosiy mijozlarimiz Pokiston va Rossiya davlatidan, - deydi Jamol Esonov. – Biz yasagan hunarmandchilik mahsulotlariga amerikaliklar ham katta qiziqish bildiryapti. Sayyohlar kichik sovg‘alarni o‘zlari bilan olib ketishadi, kattaroq buyumlarni pochta orqali jo‘natamiz. Kelajakda ustaxonamizni turistik maskanga aylantirishni niyat qilganmiz. Bu yerda sayyohlar hunarmandchilik mahsulotlarini yasash jarayonlari bilan yaqindan tanishib, qiziquvchi mehmonlar bo‘lsa biror buyumni yasab ko‘rishlari uchun sharoit yaratyapmiz.
Joy bo‘lsa yana 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi
Jamol Esonovning shogirdi Adham Suyundikov dastlab yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullangan. Bugungi kunda u oilaviy korxona tashkil etdi. Bu yerda milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashtirilgan holda bir-biridan bejirim mebel jihozlari tayyorlanyapti.
- Avval yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladim, - deydi u. – So‘ng mahallamizdagi hokim yordamchisi Uchqun Jo‘rayev taklifi bilan oilaviy korxona tashkil etdim. Natijada 20 nafar ishsizning bandligi ta’minlandi. Hovlimizdagi ayvonda, bor imkoniyatdan foydalanib, ishlab kelyapmiz. Hozir faqat buyurtma asosida mebel jihozlari yasayapmiz. Mijozlarimiz ko‘pligidan ulgurish qiyin bo‘lyapti. Ishchilarga ehtiyoj katta. Ammo joy masalasi muammo bo‘lib turibdi. Bu masalada hokim yordamchisiga murojaat qildim. Korxonamiz uchun alohida yer ajratilsa, zamonaviy bino qurib, faoliyatimizni kengaytiramiz. Yana 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi mumkin.
***
Bu kabi qo‘li gul usta-hunarmandlar Oqdaryoda ko‘plab topiladi. Ular uchun zarur bo‘lgan sharoitlar yaratilishida mas’ullarning ko‘magi kerak.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.