Oqdaryoning “oq” va “qora”si
Oqdaryo tumani viloyat markaziga yaqin bo‘lgani sababli ham bu hududda olis tumanlardagiga qaraganda aholi turmush darajasi, rivojlanish yaxshi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek muammolar ham yo‘q emas. Bunga “Bir kelib keting qishlog‘imizga” rukni asosida lavha tayyorlash istagida tumanga ijodiy safarimiz chog‘ida guvoh bo‘ldik.
Sug‘onchiga Loyishning kengaytirilgan, ammo tirband ko‘chasidan o‘tib bordik
Oqdaryoning Ishtixon bilan chegara hududida joylashgan Sug‘onchi mahallasiga tuman markazi – Loyishdan o‘tib bordik. Ikki yil avval bu shaharchaning ko‘chalari tor va tirband edi. Avtomashinalar mumkin bo‘lmagan joylarda ham to‘xtab turardi. Hozir yo‘llar kengaytirilib, ko‘cha chetida zamonaviy binolar bunyod etilibdi. Ammo tirbandlik o‘sha-o‘sha. Keng ko‘chada joy topilmaganidan, avtoturargohlar yo‘qligidan mashinalar piyodalar yo‘laklarida to‘xtab turganiga va harakatlanayotganiga guvoh bo‘ldik.
Ko‘p o‘tmay Sug‘onchiga yetib bordik. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosi achinarli ahvolda ekan.
- Qishlog‘imizdagi tadbirkorlardan biri tomonidan davlat xususiy sheriklik asosida yangi bino barpo etilishi rejalashtirilgan, - deydi mahalla raisi Eshmon Bozorov. – Qurilish uchun zarur hujjatlar tayyorlangan. Binoning bir qismidan tadbirkor savdo markazi sifatida foydalanmoqchi. Buning natijasida 5 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Maktabda “repetitor” yo‘qmi? O‘quvchilar yolg‘onchilikni o‘rganyaptimi?
Mahalladagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan suhbatlashish istagida sinfxonaga kirganimizda geometriya darsi tugagan ekan. Nima uchun ko‘pgina partalar bo‘sh turganini so‘raganimizda bizga hamrohlik qilayotgan maktab direktori turli bahonalarni aytdi-yu chiqib ketdi. Oradan ko‘p o‘tmay, tanaffus paytida, hali keyingi darsga kirishga qo‘ng‘iroq bo‘lmasdan “Mumkinmi?” deya bir necha o‘quvchi kirib keldi. Ayrimlari xatti-harakati bilan bu sinfga begona ekanligini sezdirib qo‘ydi. Ular bilan suhbat jarayonida aniq bo‘ldiki, ikki nafari boshqa sinfda o‘qir ekan. Bizningcha, ularga kimdir shu sinfdagi bo‘sh partalarni to‘ldirib o‘tirib turinglar, degan. Birozdan so‘ng darsga qatnashmayotgan o‘quvchilar oliy o‘quv yurtiga tayyorgarlik ko‘rish uchun boshqa hududdagi “repetitor”lardan saboq olayotgani aniq bo‘ldi.
- Maktabimizda kasbiy, fan va sport yo‘nalishlardagi to‘garaklar faoliyat olib boradi, - deydi maktab direktori Charos Muhammadiyeva. – Tumanimizdagi 52-maktab bitiruvchilarining aksariyati oliy o‘quv yurtlariga kirgan. Jamoamizda ham bilimli, tajribali o‘qituvchilar ko‘p. Ammo ba’zi ota-onalar farzandlariga o‘sha maktab o‘qituvchilari repetitorlik qilishi uchun ularga bergan. Shu sababli ayrim bitiruvchi sinf o‘quvchilari haftada bir-ikki soat dars qoldiradi. Aslida bu mumkin emas. Endi o‘qishga kirsa yaxshi bo‘ladi, deb indamaymiz-da.
O‘ylanib qolasan kishi, nima uchun maktabda olgan bilim bilan bitiruvchi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirolmaydi. O‘quvchi nega o‘zi o‘qiyotgan maktabda qo‘shimcha, bepul to‘garaklarga qatnashmasdan boshqa maktab o‘qituvchilariga pul to‘lab tayyorgarlik ko‘radi? Nima uchun bu mahalla o‘g‘il-qizlari davlat tomonidan qurib berilgan yangi, zamonaviy maktab va unda yaratilgan sharoitlarning qadriga yetmaydi?
Eski bog‘chada tarbiyalanayotgan yangi avlod
14-maktabgacha ta’lim tashkiloti bir paytlar tumandagi nufuzli bog‘chalardan biri bo‘lgan ekan. Keyinchalik e’tiborsiz qoldirilib, achinarli ahvolga kelib qolgan. Bog‘chaning katta bir binosi qishloq vrachlik punktiga berilgan. Keyingi yillarda oilaviy poliklinikalar tashkil etilib, bu tibbiyot muassasasi filialga aylantirildi. Natijada shu bino ham ikkiga bo‘linib, bir qismi profilaktika inspektoriga xizmat uyi sifatida ajratildi. Hammasi bir hovlida joylashgan. Qishloq tibbiyot muassasasi va bog‘cha o‘rtasida chegara yo‘q. Profilaktika inspektori uyi bilan maktabgacha ta’lim tashkilotining chegarasi bo‘lgan devordan bir darcha ochilgan. Sababini so‘raganimizda, o‘rtadagi bir pishma kran profilaktika inspektori, tibbiyot punkti va bog‘cha uchun xizmat qilar ekan.
- Bog‘chamizda 80 nafar bola tarbiyalanyapti, - deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Xurshida Ubaydullayeva. – Muammo binomizning eskiligi, ammo nolimaymiz. Bor imkoniyatdan foydalanib bolalarni tarbiyalab kelyapmiz. Shu yil tashkilotimiz uchun yangi bino qurib berilishi rejalashtirilgan.
Sug‘onchi - urug‘chilar mahallasi
Mahalla aholisi asosan tomorqasida sabzavot mahsulotlari va ko‘katlarning urug‘lari, ziravorlar yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Bu yerda yetishtirilgan urug‘lar nafaqat Samarqand viloyatiga, balki respublikamizning barcha hududlariga tarqaladi.
- O‘zim duradgorman, bo‘sh vaqtlarimda tomorqada ishlayman, - deydi O‘radil qishlog‘ida yashovchi Abdumurod Islomov. – O‘n sotix tomorqadan yiliga ikki-uch marta foydalanamiz. Oilamiz bilan erta bahordan kech kuzgacha asosan, urug‘ yetishtiramiz. Shu yerda yetishtirilgan urug‘ning o‘zidan 10 million so‘mdan ziyodroq daromad qilamiz. Bizni elektr tarmog‘i, simyog‘ochlar va ayrim ichki yo‘llarimizning ta’mirtalabligi qiynab kelayotgandi. Yaqinda tuman hokimligiga murojaat qildik. Muammolarga shu yil yechim topilishini aytishdi.
Sug‘onchidan qaytayotib, bir yildan so‘ng bu mahallaga yana bir kelishni niyat qildik. O‘shanda hududdagi ijobiy o‘zgarishlarni suratga olib, boshqa qishloqlarga o‘rnak bo‘ladigan jihatlarini yoritamiz degan umiddamiz.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.