O‘qishga kirishda yordam berishni va’da qilgan firibgarga nisbatan chora ko‘rilmoqda
Toshkentda ayol o‘g‘lini akademiyaga va qizini maktabga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxsga aldandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda qayd etilishicha, Bektemir tumani IIO FMBga 37 yoshli Shaxnoza I. murojaat qilgan. Uning murojaatidan ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning may oyi o‘rtalarida 29 yoshli Muhammat M. unga o‘g‘lini O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasiga o‘qishga kirishida yordam berib, qizi va jiyanini maktabga o‘qishga kiritishini va’da qilgan. O‘zining “xizmatlari” uchun u Shaxnozadan 1900 AQSh dollari va 3.500.000 so‘m olgan. Ammo o‘z va’dasida turmasdan, pullarni ehtiyojiga sarflab yuborgan. Ushbu fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“firibgarlik”) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
“Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Ogoh bo‘ling! Masalangizni hal qilishda vakolati bo‘lmagan insonlarga ishonmang”, deya ogohlantirgan IIBB.