O‘qituvchi va murabbiylar kuni sayil tarzida nishonlanadi

1 oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni mamlakatimizda, shuningdek, viloyatimizda sayil tarzida keng nishonlanadi. Bu haqda bugun viloyat hokimligida bayramni yuqori saviyada va uyushqoqlik bilan o‘tkazishga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Ta’kidlanishicha, 30 sentyabr kuni viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi istirohat bog‘i, dam olish maskanlarida ertalabdan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rgazma va yarmarkalar, konsert dasturlari tashkil etiladi.

Viloyatning asosiy bayram tadbirlari Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tadi. Soat 10.00 da boshlanadigan sayil davomida pedagoglarning kasb mahoratini yuksaltirishga doir qator ma’rifiy loyihalar, ijodiy tanlovlar, kitobxonlik, she’rxonlik tadbirlari o‘tkaziladi. Alohida ajratilgan pavilonlarda oliy ta’lim muassasalari, kollejlar, litseylar, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek, hunarmandlarning mahsulotlar ko‘rgazmalari, yarmarkalar tashkil etiladi. Ta’lim-tarbiya jarayoniga salmoqli hissa qo‘shgan faxriy ustoz va murabbiylarning Samarqand shahridagi tarixiy obidalar, diqqatga sazovor maskanlarga sayohati uyushtiriladi.

Sayilning yakuniy qismi shahardagi «Mo‘’jiza» amfiteatrida bo‘lib o‘tadi. Unda taniqli va el ardog‘idagi san’atkorlar ishtirokida gala-konsert namoyish etiladi.