Samarqandda ustozlarga atalgan asosiy bayram tantanalari qanday o‘tkaziladi?
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan asosiy bayram tantanalari Samarqand shahridagi “Mo‘jiza” amfiteatrida soat 17:00 da boshlanadi.
Bayram tantanalarini jonli ijrodagi doira zarblari boshlab beradi. Unda sahnaga turli tomondan kirib kelgan viloyatimizning 150 nafar doirachilari, musiqa va san’at maktabi tarbiyalanuvchilari doiralar zarbini namoyish qiladi.
Davlat madhiyasi yangragach, viloyat hokimi O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirishi va yig‘ilganlar siymosida butun viloyatimizdagi ustozlarni qutlashi rejalashtirilgan.
Tadbir davomida shuningdek, sahnada maktab hamda litsey o‘quvchilarining mustaqillik darsi teatrlashtirilgan tomoshalari namoyish qilinadi. Sahna ko‘rinishi davomida viloyatimiz ijodkorlari ustozlar sha’niga bitilgan ash’orlar o‘qiydi.
Sahna va umuman bayram tadbiri jozibali chiqishi uchun “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari turli vazifalarda namoyon bo‘ladi.
Avvalidan oxirigacha ustozlarni madh etuvchi sho‘x qo‘shiqlar ijro etiladigan tadbirga taklif etilganlar miriqib hordiq chiqarishiga alohida e’tibor qaratilgan. Tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ilhom Farmonov va Alisher Fayz ishtirok etishi kutilmoqda.