O‘qituvchilar maxsus elektron platforma orqali ham malaka oshirishi mumkin

Platformadan qanday foydalanish kerakligi barcha maktab informatika o‘qituvchilariga o‘rgatilgan. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. 2022 yilda viloyatda 51 612 nafar pedagog-xodimlarning malakasini oshirish rejalashtirilgan.
- 2021 yil 1 martdan boshlab malaka oshirish tizimining barcha muqobil shakllari orqali o‘qituvchilarga qulay bo‘lgan vaqt va sharoitda 1 yilda bir marotaba xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayoni oliy ta’lim muassasalari, litsenziyaga ega nodavlat ta’lim tashkilotlari va malaka oshirish hududiy markazlarida va “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasi (18 kredit ball) orqali ham o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi, - dedi viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi direktori A’lamjon Ibragimov. - Xalq ta’limi xodimlari ehtiyoj va imkoniyatlardan kelib chiqib, mazkur ta’lim shakllarining biri orqali o‘z kasbiy bilimini oshirib boradi.
Shuningdek, o‘qituvchilarga malaka toifasini berish va saqlab qolish, ularni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari yil davomida amalga oshiriladi.
Ilgari xalq ta’limi muassasalari xodimlari 5 yilda bir marotaba malaka oshirgan bo‘lsa, endi ular qarorda belgilangan talablarga ko‘ra, uzluksiz tarzda o‘zini kasbiy rivojlantirishi uchun doimiy malakasini oshirib boradi. Qolaversa, «Uzluksiz kasbiy ta’lim» maxsus elektron platformasi orqali xodimlarning individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasi tuziladi.
Eslatib o‘tamiz: viloyatda xalq ta’limi tizimida 57 359 nafar pedagoglar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 49 982 nafari oliy ma’lumotli, 2115 nafari tugallanmagan oliy, 5262 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilardir. O‘qituvchilarning 1808 nafari oliy toifali, 6461 nafari birinchi toifali, 11907 nafari ikkinchi toifali hamda 29806 nafari mutaxassis o‘qituvchilarni tashkil etadi.