O‘qituvchilarning uzr so‘rash holati yuzasidan o‘rganish natijalari Bosh prokuraturaga yuborildi

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi o‘qituvchilarning ota-onalar oldida uzr so‘ragani yuzasidan Xalq ta’limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida maktab o‘qituvchilari 300 dan ortiq ota-onalar oldida qadr-qimmati obro‘sizlantirilib, kamsitilib, yig‘lab kechirim so‘rashga majburlanib, ularning qonun bilan himoyalanadigan huquqlari poymol etilib, ishchanlik qobiliyatiga zarar yetkazilganligi yuzasidan tegishli hujjatlar to‘plandi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tuman hokimligi tashabbusiga asosan tashkil etilgan mazkur tadbirdagi voqealar hamda bir qator mas’ullarning harakatlariga qonuniy baho berilishini ta’minlash uchun to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etildi.