O‘quvchilarga qattiqqo‘llik qilgan o‘qituvchiga intizomiy chora qo‘llanildi
Joriy yilning 28 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Paxtachi tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi holat aks etgan “Nima, bechora bolalarni sovuqqa olib chiqib jazolash endi yangi trendga aylandimi? Bu noto‘g‘ri!” mazmunida video material tarqaldi.
Paxtachi tumani xalq ta’limi bo‘limi ushbu holatga munosabat bildirdi.
Aniqlik kiritilishicha, 28-umumta’lim maktabi pedagogik jamoasi faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni muhokama qilish maqsadida Paxtachi tumani hokimligi, xalq ta’limi bo‘limi mas’ul xodimlari, tuman “Nuroniy” jamg‘armasi, Guliston mahalla fuqarolar yig‘ini faollari hamda maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.
Ma’lum bo‘ldiki, haqiqatdan ham ushbu umumta’lim muassasasi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Yu.B. o‘quv binosining ikkinchi qavatidagi sinfxonalardan birida dars mashg‘uloti o‘tish davomida tartibsizlik qilgan o‘quvchilar D.D. va N.Sh.ga tanbeh berish maqsadida sinfxonadan zalga chiqaradi. O‘qituvchi bolalarga tanbeh berib, ularni yana sinfxonaga olib kirgan.
Yig‘ilishda o‘quvchilar D.D. va N.Sh.larning ota-onalari tomonidan Yu.B.ning xatti-harakatlariga e’tiroz bildirilmadi. Aksincha, ota-onalar farzandlarining sho‘xligini tan olib, o‘qituvchining mehnatidan minnatdor ekanligini bildirishdi.
Biroq, o‘qituvchi Yu.B.ning o‘quvchilarga nisbatan qattiqqo‘llik qilgani, vazifasiga nisbatan e’tiborsizlik qilganligi uchun unga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.