O‘quvchilarimiz fan olimpiadasida respublikada uchinchi o‘rinni egalladi
Joriy yilning 9-10 iyun kunlari Toshkent shahrida imkoniyati cheklangan maxsus maktab o‘quvchilari uchun fan olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodik xizmat bo‘limi boshlig‘i Gulmira Mardonovaning aytishicha, unda Samarqand shahar 59-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi (“Nurli maskan”)ning uch nafar o‘quvchisi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Fan olimpiadasida matematika fanidan 12-sinf o‘quvchisi Murodjon Polvonov ikkinchi o‘rinni, ona tili va adabiyot fanidan 11-sinf o‘quvchisi Sherbek Islomov birinchi, 12-sinf o‘quvchisi Rayhona Sharofova ikkinchi o‘rinni egallab, umumjamoa hisobida respublikada birinchi o‘ringa munosib deb topildi.
Shuningdek, Navoiy shahrida bo‘lib o‘tgan fan olimpiadasining respublika bosqichida SamISI akademik litseyi ikkinchi kurs o‘quvchisi Davlat Mirakilov informatika fanidan birinchi o‘rinni egalladi.
Avval xabar berganimizdek, respublika fan olimpiadasining birinchi bosqichida uch nafar samarqandlik o‘quvchi g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichida to‘rt nafar o‘quvchi faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
- Fan olimpiadasida o‘quvchilarimizning yutuqlari hisobiga bu yil respublikada uchinchi o‘rinni egalladik, - dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shokir Sultonov. – Birinchi o‘rin Toshkent shahri, ikkinchi o‘rin Navoiy viloyati o‘quvchilariga nasib etdi.