Oromgohda bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishish uchun kelgan deputat, viloyat Kengashining shu masalaga mas’ul komissiyasi raisi ushbu muassasaga kiritilmadi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Mirzo Ixtiyorov o‘zining deputatlik telegram kanalida post qoldirdi.
Samarqand viloyati hokimligining shu yil 6 iyul kuni o‘tkazilgan sanitar soatida viloyatdagi bolalar yozgi oromgohlaridagi holat tahlil qilingan edi.
Unda tegishli ishchi guruh tomonidan shu yilning 1-3 iyul kunlari oromgohlarda o‘tkazilgan o‘rganish ishlari yakunlari mutasaddilar ishtirokida muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Afsuski, o‘rganish jarayonida aksariyat oromgohlarda obodonlashtirish ishlari talab darajasida olib borilmagani, taom tayyorlash va oziq-ovqat mahsulotlari saqlashda sanitariya talablariga rioya etilmayotgani kuzatilgani tahlil qilindi va muhokama yakunida bir hafta muddatda oromgohlardagi holat yana qayta o‘rganilishi belgilandi.
Shunga ko‘ra, viloyat Kengashining ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Mirzo Ixtiyorov ishchi guruh xodimlari bilan Urgut tumanidagi "Bahora" bolalar yozgi dam olish oromgohiga borgan. Ammo Milliy gvardiya qo‘riqlash bo‘limi xodimlari ulardan “koinotga oid” hujjatlarni talab qilib, oromgohga kiritmagan.
Vaholanki, birinchidan, ishchi guruhi viloyat hokimi topshirig‘i asosida dam olish muassasasiga borgan. Ikkinchidan, M.Ixtiyorov viloyat Kengashi deputati. Suratlarda aks etgan holatlarga e’tibor qaratsangiz, deputat Milliy gvardiya xodimlariga zarur hujjatlarini taqdim etgan.
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida “Deputat o‘z vakolatlarini amalga oshirayotganda guvohnomasini ko‘rsatib, tegishli viloyat, tuman va shahar hududida joylashgan korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarga moneliksiz kirish huquqidan, shuningdek, ularning rahbarlari hamda boshqa mansabdor shaxslari tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanadi.
Faoliyati davlat siri hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bilan bog‘liq korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga deputatning kirish tartibi qonunda belgilanadi”, deyilgan.
Milliy gvardiya xodimlari ishchi guruh a’zolarini nega ichkariga kiritmagani keyinchalik ayon bo‘lar, ammo Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 193-moddasida “Davlat organlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari deputatlar oldidagi o‘z vazifalarini bajarmasligi, ularning ishiga to‘sqinlik qilishi, ularga ataylab soxta ma’lumot berishi, deputatlik faoliyatining kafolatlarini buzishi mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, deb belgilanganini eslatib o‘tmoqchimiz.