Osiyo chempionatida terma jamoamiz 8 oltin, 3 kumush va 9 bronza, jami 20 medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi pog‘onadan joy oldi

Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz 8 oltin, 3 kumush va 9 bronza, jami 20 medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi pog‘onadan joy oldi.

 Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida muzaffar bokschilarimizni davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, olimpiadachilarning ota-onalari, jurnalistlar tantanali kutib oldi.

Fujayra shahrida o‘tkazilgan mazkur qit’a chempionatida bokschilarimiz O‘zbekistondek buyuk yurtning hech kimdan kam bo‘lmagan va hech qachon kam bo‘lmaydigan farzandlari ekanini isbotladi.

Keskin va murosasiz janglarda zafar quchgan sportchilarimizning mardligi, jasorati, shijoatu matonati butun Osiyo qit’asini lol qoldirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, ularning bunday yuksak muvaffaqiyati mamlakatimiz mustaqilligi, o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.

Musobaqaning qizlar o‘rtasidagi final bosqichida Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova, Nigina O‘ktamova, Aziza Zokirova barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida Azizbek Tojiyev, Login Petrov, Nusratbek Tohirov, Jahongir Zokirov Osiyo chempioniga aylandi.

Finalga qadar o‘tgan janglarda g‘alaba qozongan Bilolbek Ixvolov, Bekzod Bekmurodov va Mohira Ahmedova kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, Iqboljon Qudratov, Asrorbek Shahobiddinov, Anvar Boltaboyev, G‘ofurjon Tohirov, Jahonmurod Imomaliyev, A’loxon Abdullayev, Mohlaroyim Savriddinova, Ruhshona O‘ktamova hamda Shahnoza Ergasheva o‘z vazn toifalarida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Musobaqa tashkilotchilari tomonidan Osiyo chempionatining eng yaxshi bokschisi, deb 48 kilogrammgacha vaznda mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qilgan Sabina Boboqulova topildi.

– Chempionatda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelganimizdan baxtiyormiz, – deydi chempionimiz Sabina Boboqulova. – Sportni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishimiz, xalqaro maydonlarda yuksak g‘alabalarga erishishga qodir sportchi bo‘lib voyaga yetishimizga qaratayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz.

3.jpg
 
4.jpg
 
5.jpg
 
10.jpg
 
11.jpg
 
12.jpg

O‘zA