Osiyo Taraqqiyot banki O‘zbekistonga 170 million dollar kredit ajratadi
Osiyo Taraqqiyot banki O‘zbekistonga temir yo‘l sohasini rivojlantirish uchun 170 million dollar kredit ajratadi.
Bu kreditga 24 ta elektr yordamida harakatlanadigan ultrazamonaviy lokomotivlar sotib olinadi. Bu O‘zbekiston temir yo‘llari AJning yo‘lovchi va yuk tashish samarasini yaxshilash imkonini beradi.
Transport va aloqa har qanday mamlakatning rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. O‘zbekistonning dunyo okeaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati bo‘lmagan hududda joylashgani, bu mamlakatda temir yo‘l xizmatini yanada takomillashtirishni taqazo etadi. Shularni inobatga olib bu mamlakatdagi temir yo‘l xizmatini modernizatsiyasi uchun kredit ajratishga qaror qildik" deydi, OTB ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sandi Malvichini xonim.
Temir yo‘llar O‘zbekiston iqtisodiyotida ham, mamlakat rivojida ham muhim rol o‘ynaydi.
O‘zbekistondagi temir yo‘llarning uzunligi, jami 4,669 km.ni tashkil etadi. Shundan 50 foiz, 2350 km. temir yo‘l elektrlashtirilgan. Mamlakatda tashiladigan yuklarning 40 foizi temir yo‘llarda tashiladi.
"Temir yo‘llar yuk tashish transportlari orasida eng xavfsiz va ekologik tarafdan toza transport turi hisoblanadi. O‘zbekistonda temir yo‘llarning jadallik bilan elektrlashtirilishi mamlakatning Markaziy Osiyoda temir yo‘llarda yuk tashish salohiyatini yanada oshiradi", deydi OTBning transport masalalari bo‘yicha mutaxasisi Ko Sakomoto.
OTB ajratgan kreditga umumiy hisobda 24 elektrovoz sotib olinadi. Ularning 16 tasi yuk poyezdlari uchun olinsa, 8 tasi esa yo‘lovchi tashiydigan poyezdlar uchun olinadi.
Ushbu lokomotivlar olinishi natijasida yiliga atmosferaga 900.000 tonna is gazi chiqarilishining oldi olinadi.
Shuningdek, yuklarni va yo‘lovchilarni yanada qisqa muddatlarda manzilga yetkazib qo‘yish imkoniyati bo‘ladi.