Samarqand shahriga "elektrichka" qatnovi yo‘lga qo‘yiladi: Elektropoyezd Juma-Samarqand-Bulung‘ur yo‘nalishida harakatlanishi rejalashtirilmoqda
Mazkur ish Samarqand shahrida jamoat transporti jozibadorligini oshirish maqsadidagi vazifalarning bir qismi xolos. Chunki belgilangan rejalar ko‘lami keng va undan katta natijalar kutilmoqda.
Bu haqda viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Qorjovov xalq deputatlari viloyat Kengashining 82-sessiyasida batafsil axborot berdi. Joriy yil yakuniga qadar rejalashtirilgan transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasining taqdimotini o‘tkazdi.
Axborotga ko‘ra, elektrichka – zamonaviy jamoat transporti yoqilg‘i taqchilligi yoki boshqa tabiiy holatlarga qaramasdan shahar atrofidan qatnovchilar uchun qulaylik bo‘ladi. U qatnaydigan yo‘nalishida 7 ta - Farhod shaharchasi, Aeroport, Fotima Qosimova, Chortut, Charxin, Iskandariy va To‘qboy mahallalarida oraliq bekatlar quriladi.
Bosh rejaga asosan, "Samarqand", "Shohi Zinda" va "Siyob" avtostansiyalari faoliyati to‘xtatiladi. Bu yerlarga qatnaydigan yo‘nalishlarning oxirgi bekati Cho‘pon ota avtovokzali bo‘ladi. Ya’ni, Bulung‘ur, Jomboy tumanlari va shu bilan birga qo‘shni viloyatlardan kelayotgan jamoat transportlari shahar ichiga kirmaydi. Ular yangi qurilayotgan avtovokzalda barcha yo‘lovchilarini tushiradi, avtobus va marshrutka, yengil avtomobillar shu yerdan yo‘lovchi mindiradi.
Umuman, shahar atrofidan jamoat transportlarining ko‘hna kentga “kiritmaslik” birgina shundan iborat emas. Rejaga ko‘ra, yil oxirigacha, tumanlardan kirib keluvchi magistral yo‘llarda 3 ta avtoturargoh quriladi. Xususan, M-37 Samarqand halqa yo‘lining Samrqand tumani Parrandachilik fabrikasi (“Selskiy krug”), M-37 Samarqand halqa yo‘lining Qunduzso‘fi mahallasi (“Motrid krug”) hamda M-39 Samrqand halqa yo‘lining Chumchuqli mahallasi (“Betonka krug”) da tumanlarning so‘nggi bekatlari joylashtiriladi.
Shaharning bir nuqtasidan ikkinchi nuqtaga yetib olishda jamoat transportidan foydalanishni qulaylashtirish uchun 27 kilometr jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi. Shuningdek, 10 ta magistral va 33 ta yetkazib beruvchi jamoat transporti yo‘nalishlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Yana bir yangilik shuki, jamoat transporti uchun yangi tariflar menyusi ishlab chiqiladi. Unga ko‘ra, talaba, o‘quvchi, pensioner, nogiron, oddiy yo‘lovchilarga alohida va differensial tariflar joriy qilinadi.
Bundan tashqari, Samarqand shahrida 119 ta bekat quriladi va 158 ta oraliq bekatlar rekonstruksiya qilinadi. Bekatlar yo‘lovchilarga zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlarni real vaqt rejimida elektron taqdim etuvchi monitorlar bilan jihozlanadi.
Mavjud 26 ta ko‘cha, Samarqand halqa yo‘li va Universitet xiyoboniga 78 dona huquqbuzarliklarni qayd etuvchi kuzatuv kameralari o‘rnatiladi. Shuningdek, 94, 28 kilometr velosiped yo‘laklari quriladi.
Albatta, joriy qilinishi ko‘zda tutilgan yangiliklar ko‘p, kutilayotgan ijobiy o‘zgarishlar bilan tugamaydi.