O‘smir yigit sevgan qizini rashk qilib jinoyatga qo‘l urdi

Jinoyat ishi hujjatlariga ko‘ra, voyaga yetmagan (16 yoshli) Hamidullo R. 2020 yilning 7 noyabr kuni soat 22:30 larda Namangan shahar Sohil MFY hududida maktabdoshi, voyaga yetmagan (17 yoshli) G‘iyosiddin N. bilan “Nega mening yaxshi ko‘rgan qizimga SMS jo‘natding” deb, o‘zaro janjallashgan. Uning qorin sohasiga pichoq bilan bir marotaba qasddan urib, tan jarohati yetkazgan.

Biroq joriy yilning 9 noyabr kuni ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan jabrlanuvchi kasalxonaning jonlantirish bo‘limida olgan og‘ir tan jarohati oqibatida vafot etgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib borgan tergov-tezkor guruhi joyni ko‘zdan kechirib, Bodomzor ko‘chasidan oqib o‘tuvchi ariq bo‘yidan tan jarohati yetkazishda foydalangan bir dona yog‘och sopli oshxona pichog‘i hamda hodisa joyidagi qon dog‘larini aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirgan.

Tibbiy ma’lumotnomaga ko‘ra, jabrlanuvchining badanida qorindagi sanchilgan, kesilgan tarzidagi jarohati bo‘lib, charvi inventarizatsiyasi, jarohatidan qon sizib chiqishi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar bo‘yicha IIO FMB 2-IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro Hamidullo R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, hozirda Hamidullo R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “D” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.