Osmon hukmdorlari: sayyoradagi eng katta qushlar
Ular o‘z kattaligi bilan kishida yaxshi taassurot qoldiradi, tashqi ko‘rinishi esa qarama-qarshi tuyg‘ularni uyg‘otadi: bir tomondan beixtiyor ulardan ko‘z uzolmaysiz, boshqa tomondan esa bu qushlar odamga biroz qo‘rquv hissi uyg‘otadi. Ular osmonning haqiqiy hukmdorlari, sayyoradagi uchadigan eng katta qushlardir.
Kitkalla
Bu qush Straus, Emu, Kazuar kabi yirik uchmas qushlarga nisbatan eng baland, eng og‘ir yoki keng qanotli qush bo‘lmasligi mumkin, lekin u albatta sayyoradagi eng katta uchadigan qushlar ro‘yxatiga kirishga loyiq.
Kitkalla yoki qirol qarqarasi Afrikaning botqoqoli hududlarida yashaydi, u yerda uzunligi 1-2 metr, og‘irligi 10 kilogrammgacha bo‘lgan ikki xil (ham o‘pka, ham oyquloq orqali) nafas oluvchi “protopter” baliqlarini ovlaydi. Shuningdek, ko‘pincha bu qushning taomnomasiga timsoh bolalari ham kiradi.
Vazni 6-7 kilogrammgacha yetadigan voyaga yetgan qushlarning uzunligi bir metrdan oshadi. Qanotlarining yozilgandagi uzunligi taxminan 2 metrni tashkil qiladi.
Kitkalla atrofni ko‘zdan kechirib, o‘lja izlab jimgina osmonda uchib yurganda kishiga faqat bitta – uning ko‘ziga tushmasdan, tezda biron joyda yashirinish istagi uyg‘onadi.
Jingalak saqoqush (pelikan)
Bu yirik qushni Bolqon yarim orolidan Mongoliyagacha bo‘lgan joylarda uchratish mumkin. U vazni 2-3 kilogrammgacha yetadigan baliqlarni ovlaydi. Yetilgan pelikanning tana uzunligi taxminan 1,8 metr, vazni esa ko‘pincha 12 kilogrammdan oshadi. Qanot yozish kengligi – 3 metrdan ziyod.
Og‘ir vazniga qaramay, jingalak saqoqushlar ajoyib uchuvchilardir. Odatda ular bo‘yni egilgan holda parvoz qiladi.
Qora kalxat
Bu qushlarning uzunligi 1 metr, vazni 10 kilogrammni, o‘rtacha qanot yozish kengligi esa taxminan 2 metrni tashkil qiladi. Qora kalxat faol ovchi emas. Qush qarshilik ko‘rsatmaydigan o‘limtik hayvonlarning tana go‘shti bilan oziqlanishni afzal ko‘radi. Umuman olganda, u yovvoyi tabiatda tozalovchi-sanitar vazifasini bajarib yuradi.
Qora kalxat o‘ziga ovqat izlab, kuniga juda katta, taxminan 300 kilometr masofani bosib o‘tishga qodir.
Marabu
Bu qushlar nafaqat Afrikada, balki Janubiy Osiyoda ham uchraydi. Og‘irligi 10 kilogramm bo‘lgan qushning bo‘yi 1,5 metrga yetishi mumkin. Qushlar qanot kengligi 2,5-3 metrdan oshadi. Marabu kemiruvchilar, kaltakesaklar, ba’zida timsoh bolalarini ovlaydi. Ko‘pincha ov qilish dangasaligiga yo‘liqib qoladigan qushlar juda och bo‘lsa, dengiz burgutlarining o‘ljasini tortib olishi mumkin.
And kondori
Kondor sayyoradagi eng yirik yirtqich uchuvchi qushlardan biridir. Voyaga yetgan qushlarning uzunligi bir yarim metrgacha yetadi, tana vazni esa 15 kilogramm.
And kondorining qanotlar yozilgandagi uzunligi 3 metrdan oshadi. O‘limtikxo‘r yirik yirtqich qushlar Janubiy Amerikada dengiz sathidan 3-5 kilometr balandlikda yashaydi. Qanotlarini kerib parvoz qilish uchun kondor iliq havoning yuqoriga yo‘nalgan oqimlaridan foydalanadi. Bu esa ularga kamroq qanot qoqish imkonini beradi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.