Ostonada qish: Oqdaryoda uy va maktablar qachon isitiladi?

Oqdaryo tumanida 35 ta ko‘p qavatli uy, 57 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bor. Ularning kuz-qish mavsumiga tayyorligi, aholi xonadonlari va sinfxonalarning isitilganlik holati bilan tanishish maqsadida tumanda bo‘ldik.

Tumandagi ikki qavatli 5- va 7-uylarda bo‘lganimizda uylarning fasad qismi ta’mirlangani hamda ichimlik suv va oqova suv tarmoqlari yangilanganini ko‘rdik. Ammo 5-uyning yerto‘lasida o‘tin saqlanyapti, elektr simlari ochiq holatda qoldirilgan. Aholining uy ta’miridan e’tirozi yo‘q. Lekin hududda markazlashgan oqova suv tarmog‘i yo‘qligi sabab xonadonlarga ulangan quvurlarda tez-tez suv tiqilib qolishini aytishdi. O‘tgan yil tabiiy gaz bosimining pasaygani sababli bu yil ham o‘tin g‘amlaganliklarini bildirishdi.

Ularning yana bir muammosi “Loyish dehqon bozori”ga olib boruvchi yo‘l va bozordan uylar oldiga yomg‘ir suvi to‘planishidan aziyat chekishi ekan. “Suvni qochiruvchi ariq qazilishi zarurligi haqida mutasaddilarga aytgan bo‘lsak-da natija bo‘lmayapti”, deydi aholi. Bu uylarda yashovchilarga xizmat ko‘rsatadigan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tashkil etilibdi. Biroq bu muammolarni hal etadigan rais yo‘q. Xo‘sh, nega?

- Tumanda markaziy oqova suv quvuri bo‘lmagani bois ko‘p qavatli uylar oldiga maxsus chuqur qazilib, yomg‘ir suvlari aholi xonadonidan chiqadigan oqova suv tarmog‘iga ulangan, – deydi tuman uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sa’dullayev. – Tumanimizdagi 35 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatish uchun to‘rtta shirkat tashkil etilgandi, ammo rais va xodimlariga oylik maoshi to‘lanishida muammo bo‘lgani sabab hammasining faoliyati to‘xtagan. Pandemiya sharoitida aholidan majburiy badal pullari yig‘ilishida muammolar bo‘ldi. Ayni paytda aholining qarzdorligi 300 million so‘mdan ortiqni tashkil etmoqda. Buni bartaraf etish, ya’ni ko‘rsatilgan xizmat haqini undirish uchun bo‘limimiz mutaxassislari va bank xodimlarini jalb etdik.

Barcha ko‘p qavatli uylar tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Bu yil aholi xonadonlariga tabiiy gaz yetkazilishida muammo bo‘lmasligi uchun tuman gaz ta’minoti bo‘limi bilan mavjud 601 ta gaz taqsimlash qurilmasi to‘liq ta’mirlandi. Loyish mahallasining Imom Buxoriy ko‘chasida joylashgan 5- va 7-uylar oldida suv to‘planishining oldini olish choralari ko‘riladi.

- Tumanda ko‘p qavatli uylardagi muammolar birmuncha hal etildi, - deydi tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bobomurod Arolov. - Ta’mirtalab 4 ta ko‘p qavatli uyning tom qismi mahalliy byudjetning 729 million so‘m mablag‘i evaziga mukammal ta’mirlandi. Barcha ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismiga kirish eshiklari o‘rnatildi. Ayni paytda Dahbeddagi 37- va 38-ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya tarmog‘i yangilanmoqda. Bundan tashqari, tumanning gazlashtirilmagan 18 ta mahallasi hududida yashovchi aholiga suyultirilgan gaz balloni yetkazish 60 kundan 45 kunga qisqardi. Shuningdek, byudjet tashkilotlari uchun 1147 tonna ko‘mir yetkazildi. Aholi uchun 3 ming tonna ko‘mir zaxirasi yaratildi. Bundan tashqari, “Pardayev Ozod Isomiddinovich” xususiy korxonasi ko‘mirni olib kelib, aholiga maqbul narxda sotmoqda.

Viloyat bo‘yicha 15 oktyabrdan kuz-qish mavsumi boshlanib, ijtimoiy soha ob’yektlari isitilishi kerak bo‘lsa-da, tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bu ish boshlanmagan.

Jumladan, To‘rtayg‘ir mahallasida joylashgan 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 12 ta sinfxonasi ko‘mirga mo‘ljallangan 5 ta qozon orqali isitilar ekan. Ammo maktab qozonlari shu kungacha yoqilmagan, sinovdan ham o‘tkazilmagan.

– Bizga qozonxonalarni ishga tushirish bo‘yicha tuman xalq ta’limi bo‘limidan hali topshiriq berilmadi, – deydi maktab direktori vazifasini bajaruvchi Mohidil Hasanova. – O‘quvchilar uchun bugun oxirgi dars bo‘ldi, 11 noyabrdan ikkinchi chorak boshlanadi, o‘shanda aytilsa qozonxonalarni ishlatamiz. Hozirda 25 tonna briket va 5 tonna ko‘mir olib kelingan.

Keyingi manzilimiz Yangiravot-2 mahallasida joylashgan 33-maktab bo‘ldi. Sinfxonalar shu kungacha isitilmagan. Mustaqillik mahallasida joylashgan 47-maktab direktori Dilafro‘z To‘g‘izboyeva “Qozonxona qachon ishga tushdi?” degan savolimizga “Maktabimizda ta’mirlash ishlari davom etayotgani bois hali ikkita qozon o‘rnatilgani yo‘q, quruvchilar hafta-o‘n kunlarda ishni yakunlaymiz deyishmoqda. Qozonxonalarni ishga tushirish bo‘yicha vazirlikdan topshiriq keladi. Shunda ishga tushiramiz, shu kungacha faqat boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini o‘qitdik”, dedi.

Qiziq, yuqoridagi ta’lim muassasasi direktorlari maktab binosini isitish uchun kimdandir topshiriq kutishi to‘g‘rimikan? Tuman xalq ta’limi bo‘limi kuz-qish mavsumi oldidan ular bilan gaplashmadimikan? Harqalay Chorju qishlog‘idagi 41-maktabda bo‘lganimizda yuqoridagilarning aksini ko‘rdik. Alohida ikkita qozon orqali bino to‘liq isitib kelinmoqda.

Xullas, Oqdaryo tumanining ayrim hududlarida ahvol shunday. Bu muammolarni mutasaddilar qayta o‘rganib, ijobiy hal etadi, degan umiddamiz.

Husan ELTOYeV,

Fazliddin RO‘ZIBOYeV,

«Zarafshon» muxbirlari.