OTMlarga qo‘shimcha grant asosidagi qabul uchun tavsiyanoma kimlarga berilishi ma’lum qilindi
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ushbu savolga batafsil javob berdi.
Ta’kidlanishicha, 2017 yilga qadar oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu raqam qariyb 5 barobar ko‘payib, 500 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu borada qizlarning ulushi 50 foizga yetdi.
Joriy yilda 2 ta normativ-huquqiy hujjat asosida tegishli toifalarga kiruvchi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga topshirish uchun tavsiyanomalar berilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 402-son qaroriga muvofiq, Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish jarayonlari boshlandi.
Respublika oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma quyidagi 6 ta mezonlar asosida beriladi:
- kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi;
- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
- nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
- ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari;
- ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim, ya’ni 11-sinf negizida yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.
Ushbu hujjatda jami 2000 ta kvota nazarda tutilgan bo‘lib, tavsiyanomalar uchun hujjatlarni qabul qilish 8 iyunga qadar davom etadi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar https://xotin-qizlar.uz/ platformasi orqali 8 iyunga qadar onlayn ariza qoldirishlari lozim.
Ariza qoldirish bilan bog‘liq savollar bo‘yicha talabgorlar doimiy yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha yashash joyidagi tuman (shahar) oila
va xotin-qizlar bo‘limlariga yoki Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining
(71) 202-10-76 telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlarning arizalari 10 iyunga qadar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qilinadi.
Tavsiyanoma ishchi guruhi yig‘ilishining yakuniy bayonnomalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlarining buyruqlari asosida elektron hujjat shaklida qabul qilinadi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan 14 iyunga qadar beriladi. 15 iyunga qadar tavsiyanomalar o‘rnatilgan tartibda o‘z egalariga yetkaziladi.
Alohida eslatib o‘tamiz:
Tavsiyanoma oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga bir yil muddatga beriladi.
Tavsiyanoma ajratilgan qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishida tanlagan birinchi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har yili 15 iyulga qadar Oliy ta’lim va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining abituriyentlar bazasiga kiritiladi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) oliy ta’lim muassasalarining bakalavriyatiga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan tavsiyanomaga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha to‘rt foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.