Oyoq kiyimlari bilan bog‘liq qiziqarli an’analar

Qadim zamonlardan beri poyabzallar nafaqat inson oyoqlarini himoya qilish uchun, balki o‘zida turli xil ramziy ma’nolarni olib, odamlarga xizmat qilib kelgan. Zamonaviy dunyoda har biri o‘zining qiziqarli tarixi va ma’nosiga ega va bir qarashda mutlaqo g‘ayrioddiy tuyulishi mumkin bo‘lgan bu an’analarning aks-sadolari saqlanib qolingan.

Eski poyabzallarni yashirish

 

 

Shotlandiyada uyni himoya qilish va omadni jalb qilish uchun eski poyabzallarni devorlarga, kaminlarga yoki pol ostiga yashirish odati bo‘lgan. Eskirgan oyoq kiyimi o‘zida egasining ruhiy kuchi va shaxsiyatini saqlab qolib, uning o‘ziga xos tumoriga aylanadi, bundan tashqari, bu amaliyot omad va ayolning oilaviy baxtini ta’minlab berishiga ishonilgan. Ayniqsa, salbiy energiyaning uyga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun poyabzallar ko‘pincha eshiklar tepasida yoki kamin bo‘shliqlariga suvab tashlangan.

Oyoq kiyimlari uchun pullik “stoyanka”

Hindistondagi ibodatxonalarga kirishdan oldin yechib qo‘yiladigan oyoq kiyimlarining yo‘qolishi yoki o‘g‘irlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ular yonida haq evaziga poyabzallarni kuzatib boradigan maxsus xodimlar turadi. Ushbu xizmat poyabzal egasi tomonidan emas, balki butxona mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Maxsus yog‘och yoki po‘latdan yasalgan stendlarda joylashtirilgan poyabzallar egalariga qaytarilishini kafolatlaydigan jetonlar beriladi.

To‘y kunida poyabzal otish

To‘y kunida poyabzal uloqtirib yuborish turli madaniyatlardagi keng tarqalgan xurofotdir. Yozuvchi Charlz Dikkensning romanlaridan birida bu an’ana haqida eslatib o‘tilgan. Turli tadqiqotchilar bunday udum haqida gapirib, dastlab kelinning otasi ixtiyoridan turmush o‘rtog‘i iznida o‘tishiga ishora qilishi haqida mulohaza qilishadi. Angliyaning Kent grafligida tuflini kelinchakning yon dugonasi uloqtirib yuboradi va uni tutib olgan kishi tezda uylanadi yoki turmushga chiqadi, deb ishoniladi.

Oyoqlarni chalishtirib o‘tirishni taqiqlash

Arab madaniyatida oyoq kiyimi ostini ko‘rsatish jiddiy haqorat hisoblanadi. Poyabzal yerga tegib turishi va tananing eng past qismi oyoqlarga tegishli bo‘lganligi bois ular uni nopoklik bilan bog‘lashadi. Bu ramziylik poyabzalni shunday ob’yektga aylantiradiki, hatto odatiy oyoqlar chalishtirib o‘tirilishi vaqtida tagini ko‘rsatish ham madaniy jihatdan noo‘rin, ham hurmatsizlik hisoblanadi.

Poyabzal yechilmasa, jarima...

Yaponiyada odamlar har qanday binoga kirishdan oldin oyoq kiyimlarini yechib olishlari kerak. Shuning uchun yaponlar oyoq kiyimini yechmasa jarimaga tortiladi. Bu odatning bir qancha sabablari bor. Birinchidan, tozalik: bu yerdagi pollar ko‘pincha an’anaviy tatami bilan qoplangan, ular osongina shikastlanadi va tezda ifloslanadi. Bundan tashqari, u yerda polda o‘tirish odatiy holdir, shuning uchun mahalliy aholi uning tozaligiga alohida e’tibor qaratadi.

Uyda oyoq kiyimi yechilmasin...

Boshqa mamlakatlarda odatiy hol bo‘lsa-da, Buyuk Britaniyada xonaga kirishda oyoq kiyimlarini yechib qo‘yish odatiy hol emas. U yerda an’anaviy ravishda oyoq kiyimi eshik oldidagi maxsus gilamchada tozalanadi. Inglizlarning mehmonlardan oyoq kiyimlarini yechishni so‘ramaslik odati gigiyenik jihatdan shart bo‘lmasligi va noqulaylik tuyg‘usini keltirib chiqarish bilan izohlaydi. Ular agar kimdir yalangoyoq yursa, bunday yurish turli kasalliklarning tarqalishiga olib kelishidan qo‘rqishlarini tan oladi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.