O‘z boyliklarini villa va yaxtalardan ko‘ra xayriya ishlariga sarflaydigan millionerlar

Forbes muntazam ravishda reytingining birinchi qatorlarida joylashgan taniqli moliyachilar, investorlar, tadbirkoru siyosatchilar, Gollivud aktyorlari, oligarxlar va ularning sanoqsiz boyliklari haqida gapiradi. Ularning ko‘pchiligi faqat o‘z manfaatini ko‘zlamay, xayr-saxovat orqali atrofdagilar hayotini o‘zgartirib kelmoqda.
Bugun mashhur saxovatli boylar va ularning beg‘araz yordami haqida bilib olamiz.
Bill Geyts va uning Microsoft IT-giganti butun dunyoni zabt etib oldi. Yer yuzida bu odamdan badavlat faqat bir necha o‘nta davlat bor. Uning imkoniyatlari deyarli cheksiz. Biroq, yordam berish istagi, kuch va qobiliyatga ega Geyts atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga befarq emas va jamiyat farovonligi uchun juda ko‘p pul ajratadi.

Bill va uning turmush o‘rtog‘i Melinda Geyts jamg‘armasi 20 yil davomida 53,8 milliard dollar ajratdi. Pullarning eng katta - 45 foiz ulushi global rivojlanish maqsadga erishishga, 29 foizi – sog‘liqni saqlashga, 16 foizi - Amerika Qo‘shma shtatlaridagi ta’lim dasturlari uchun va yana 10 foizi boshqa xayriya maqsadlariga qaratilgan.
Golivvud aktrisasi Anjelina Joli nafaqat badavlat, balki mehribon qalb egasi ham. O‘zining go‘zalligi va iste’dodi bilan birga u juda oliyhimmat va qahramonlik namunasidir. Chunki daromadining deyarli uchdan bir qismini xayriya ishlariga sarflaydi.



Aktrisaning olti farzandidan uchtasi – qizi Efiopiyadan, o‘g‘illari esa Kombodja va Vetnamdan asrab olingan. U BMTning yaxshi niyat elchisi va uchinchi dunyo mamlakatlari bolalariga yordam beruvchi Jolie/Pitt Foundation fondining asoschisi. Fond pullari dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va bolalar uchun zarur bo‘lgan ashyolarni sotib olishga sarflanadi.

Raqamlarga keladigan bo‘lsak, u qochqinlar lagerlari bo‘ylab qilgan birinchi safaridan so‘ng Qochqinlar komissiyasiga 1 million dollar ehson qildi. 2003 yilda aktrisa Kombodjaning g‘arbiy qismida 60 ming gektar yerni sotib olib, uni milliy bog‘ga aylantirdi va shu bilan halokatli hududdagi qishloqlarni qo‘llab-quvvatladi. 2005 yilda Joli-Pit oilasi Katrina to‘foni qurboni Yangi Orleandagi uy qurilishiga 8,4 million, 2010 yilda Gaitidagi zilzila qurbonlariga 1 million dollar sarflagan. Bu bir nozik ayolning shafqatsiz dunyoga qilgan yordamining kichik bir qismidir.

Uorren Baffett nafaqat o‘z tadbirkorligini rivojlantirish, balki saxovat ishlariga ham faol sarmoya kiritadigan korchalon. Bill Geyts ta’siri ostida u jahon xayr-ehson harakatining asosiy qahramonlaridan biriga aylangan.



Baffett allaqachon o‘z kompaniyasining barcha aksiyalarini xayriya ishlariga berish haqidagi va’dasining 50 foizini bajarganini aytdi. Hadya qilgan qimmatli qog‘ozlarining qiymati 100 milliard dollarni tashkil etadi – 90 yoshli milliarderda yana xuddi shu miqdordagi aksiyalar qolgan.
Xayr-saxovat to‘g‘risida shunchaki “Albatta, muhtojlarga yordam qilish juda oson ish. Agar qo‘lingizdan keladigan bo‘lsa, unda hoziroq boshlang! Bu ishingiz bilan siz ota-onadan yetim qolgan bolalarga, qarovsiz qariyalarga va hatto daydi hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilishingiz mumkin. Buning uchun esa katta boylik ham kerak emas”, deyish mumkin.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.