O‘z ixtirosining qurboniga aylangan kashfiyotchilar
Tarix son-sanoqsiz ixtirochilarni biladi. Ular bo‘lmaganida bizning bugungi dunyomiz boshqacha bo‘lgan bo‘larmidi? Ixtirochi bo‘lish unchalik oson va xavfsiz ish emas, chunki kashfiyotchi o‘z ixtirosini dastlab o‘zi “tatib ko‘rishi” yoki biror bir kishida sinab ko‘rishi kerak. Albatta, ulardan keyin bu ixtirolarni patentlagan yoki o‘z nomiga yozdirib olgan kishilar ham bo‘lgan. Asl kashshoflar esa tarix zarvaraqlarida qolib ketgan.
Bugun o‘z ixtirosining qurboniga aylangan kashfiyotchilar bilan tanishamiz.
Syu Frimen – sun’iy nafas olish apparati
Fransiyalik ayol 1772 yilda akvalangchilar nafas chiqaradigan havoni tarqatib yuboradigan respirator ixtiro qilishga harakat qildi. Bu o‘ziga xos birinchi asbob edi, shu sababli Syu uni o‘zida sinab ko‘rishga qaror qildi. Afsuski, u halokatli bo‘lib chiqdi va 20 daqiqadan so‘ng Friman nafas qisilishidan vafot etdi.
Genri Flyuks — kislorod apparati
1876 yilda angliyalik Genri Flyuks yopiq zanjirli kislorod apparatini ixtiro qildi. Skafandrda havo o‘rniga siqilgan kislorod ishlatilardi. Buixtiro dastlab cho‘kib ketgan kemadagi temir eshiklarni ta’mirlash uchun ishlatilishi rejalashtirilgan edi. Biroq, keyinchalik Flyuks undan 10 metr chuqurlikdagi sho‘ng‘ish ishlarida foydalanishga qaror qildi. Afsuski, u toksik hisoblanadigan suv osti ishlarini bajarish uchun dengiz tagiga tushiriladigan maxsus kameradagi bosim - kesson kasalligidan vafot etdi.
Frans Rayxelt— parashyut
Do‘stlari va jamoatchilik uni bu fikridan qaytarishga urinishlariga qaramay 1912 yilning 4 fevralida fransiyalik tikuvchi va ixtirochi Frans Rayxelt Yeyfel minorasidan parashyut bilan sakradi. Parashyut ochilmadi, u sement ustiga qulab tushib, vafot etdi.
Uilyam Ballok — aylanuvchi bosma mashina
Amerikalik ixtirochi Uilyam Ballokning yangi aylanuvchi bosma mashinasi ixtirosi o‘z tezligi va samaradorligi bilan matbaa sanoatini tubdan o‘zgartirib yubordi. Ballok moslamani sozlayotib, kamarini to‘g‘rilamoqchi bo‘lib turgan edi, oyog‘i mashina ichiga kirib ketib, ezilib qoldi. Bir necha kundan keyin u gangrenani keltirib chiqardi va 1867 yilning 12 aprel kuni ixtirochi Uilyam Ballok Pittsburg shahridagi shifoxonada oyog‘ini kesish jarrohlik amaliyoti paytida vafot etdi.
Goras Louson Xanli— jangovar suv osti kemasi
1863 yilning 15 oktyabrida 40 yoshli konfederat Goras Louson vafot etdi. Bu uning qo‘lda boshqariladigan suv osti kemasi Charlston ko‘rfazining tubida cho‘kib ketishi va boshqa suvga qaytib chiqa olmagani sabab sodir bo‘ldi.
Jan-Fransua Pilatrde Roz — havo shari
1785 yilning 15 iyunida fransuz kimyo va fizika o‘qituvchisi, aviatsiya dizaynining kashshoflaridan biri Jan-Fransua Pilatr de Roz sherigi Per Roman bilan birgalikda o‘zining havo sharida La-Mansh bo‘g‘ozini kesib o‘tishga urinishi paytida balandlikdan qulab tushib, aviahalokatda vafot etganlarning birinchilari bo‘lishdi.
Ismoil ibn Hamad al Javhari – yog‘och qanotlar
Mashhur arab lug‘ati muallifi foroblik Ismoil ibn Hamad al Javhari Nishapurdagi masjidning tomidan o‘zi yasagan yog‘och qanotlar va arqon yordamida uchishga urindi. 1002-1002 yillar oralig‘idagi bu muvaffaqiyatsiz urinish natijasida u o‘z hayoti bilan vidolashdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.