O‘z joniga qasd qilish o‘zini-o‘zi do‘zaxga otishdir

Alloh taolo insonni aziz va mukarram qilib yaratgan. Inson mo‘min bo‘lsin yoki bo‘lmasin, u insonligi uchun aziz. Alloh taolo insonga omonat qilib hayotni, umrni bergan. U inson bu umridan to‘g‘ri foydalanishi, Alloh qaytargan ishlardan saqlanishi lozim bo‘ladi. Chunki bizdagi jon, bizdagi a’zolarning egasi biz emasmiz. Bularning barchasi Alloh taoloning mulkidir!

Zamonamizning ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri Shayx Yusuf Qarzoviy shunday deydi: “Insonning hayoti o‘zining mulki emas. Chunki inson nafaqat o‘zini o‘zi, balki bitta hujayrasini ham o‘zi yaratgan emas. Insonning joni Alloh taoloning unga bergan omonatidir. Shuning uchun u o‘z joniga nisbatan kamchilikka yo‘l qo‘yishi yoki tajovuz qilishi joiz bo‘lmaydi”.

Viloyatimizning Qo‘shrabot tumanida aholi bilan o‘z joniga qasd qilishning oldini olish bo‘yicha bir qancha tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ana shunday tadbirlarning navbatdagisida viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov ishtirok etdi. “O‘z joniga qasd qilish o‘zini-o‘zi do‘zaxga otishdir” mavzusida bo‘lib o‘tgan muloqotda viloyat bosh imom-xatibi quyidagilarni gapirdi:

“Yoshi ulug‘larimizning aytishlaricha, yaqin vaqtlargacha xalqimiz orasida o‘z joniga qasd qilish, degan tushuncha bo‘lmagan. Haqiqatdan ham yoshlik chog‘larimizda bu kabi holat haqida eshitmas edik. Afsuski, keyingi yillarda bu illatga tez-tez duch kelib turibmiz. Biz o‘limni shubhasiz, e’tirof qilamiz. Lekin shu o‘limni o‘zimiz ixtiyor qilishga, bu aziz jonga suiqasd qilishga aslo haqqimiz yo‘q. Chunki Qur’oni karim va hadisi shariflarda o‘z joniga qasd qilish qattiq qoralangan. Jumladan:

“O‘z qo‘llaringiz  bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!” (Baqara surasi, 195-oyat), “O‘zlaringizni o‘ldirmangiz!” (Niso surasi, 29-oyat).

O‘z joniga qasd qilish bilittifoq haromdir. Shuningdek, u Allohga shirk keltirishdan keyin turadigan gunohi kabiralarning eng kattalaridan hisoblanadi. Ulamolar o‘z joniga qasd qilishning gunohi o‘zgani qatl qilishdan ko‘ra og‘irroq ekaniga qaror qilishgan. Ba’zi hadislarning zohiri o‘z joniga qasd qilgan kishining do‘zaxda abadiy qolishiga dalolat qiladi”.

Tadbir davomida “Vaqf” xayriya jamoat fondining viloyat filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda bir bosh tuya qurbonlik qilinib, ehtiyojmand oilalarga tarqatildi.