O‘z manfaatini ko‘zlagan internet nashri xolis axborot tarqata oladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda «Samarqand viloyati hokimligi yonida ayol o‘zini yoqmoqchi bo‘ldi» sarlavhasi ortida xabar tarqaldi.

Unda go‘yoki Samarqand viloyati hokimligi binosi oldida fuqaro o‘ziga o‘t qo‘yib yubormoqchi bo‘lganligi bayon etilgan. 

Mustaqil jurnalist-kuzatuvchi sifatida shuni aytishim mumkinki, xabarni o‘qigan kishining kulgisi keladi. Aslida, Samarqand viloyati prokuraturasi ijtimoy tarmoqlarda tarqalgan holatga aniqlik kiritish maqsadida o‘sha fuqaro bilan uchrashib, uning muammolari tinglanganligi bo‘yicha ma’lumot bergan. Ammo bu ma’lumotni shov-shuv ko‘tarish, qolaversa, yana bir ig‘voni chiqarish maqsadida sayt egalari tirnoq ichidan kir qidirgan.

Shu ma’lumot bo‘yicha men ham surishtiruv olib borganman. Prokuratura o‘z vaqtida murojaatni tekshirgani va muammo hal qilingani uchun ma’lumot tarqatishni o‘zimga ep ko‘rmagandim.

Endi ushbu xabarni tarqatgan sayt egalariga axborot berish yo‘lidagi bunday «harakati»ni qanday tushunish mumkin?

Sir emas, ko‘pchilik shov-shuvli xabarlarni o‘qishga qiziqadi. Ammo bu qiziqishni o‘z manfaati uchun qo‘llayotgan internet nashrini xolis axborot tarqatadi deya olamizmi? Bo‘rttirib yoziladigan sarlavhalardan foydalanib, ommaning ongini buzishdan maqsad nima?

Bunday xabarlar saytda birinchi bor chiqmayapti. Ignadek ma’lumotni tuyadek qiladigan bu kabi saytlar kimningdir dardiga malham bo‘lish emas, balki kichik bir muammoni katta qilib ko‘rsatib o‘zini ko‘z-ko‘z qilishdan boshqasini bilmaydi.