O‘zbek tadqiqotchisi koronavirusga qarshi qurilma yaratdi
Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan tuzilgan ekspertlar guruhi koronavirus va bakteriyalarni bloklaydigan hamda zararsizlantiradigan universal texnologiya yaratish ustida maxsus tadqiqot olib borishdi.
Dastlabki laboratoriya sinov-tadqiqotlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Yangi innovatsion texnologiya yopiq maydondagi havoni zararsizlantiribgina qolmay, bemorning nafas yo‘llari va o‘pkasigacha virus hamda boshqa yuqumli kasalliklardan tozalaydi.
Innovatsion texnologiyaning asosi — yangi yaratilgan molekulalar ekani ta’kidlanmoqda. Ana shu molekulalar belgilangan hududning havosi va hatto turli jismlar, ashyolarning ustki hamda ichki qismlaridagi mavjud virus va bakteriyalarni ham neytrallashtirish xususiyatiga ega.
Shuningdek, bu qurilma inson nafas olish yullaridagi viruslargacha masofaviy zararsizlantiradi. Muhimi, uni qo‘llash uchun ko‘p vaqt talab etilmaydi. 30 metr kvadrat maydondagi xona dezinfeksiyasi uchun bor-yo‘g‘i 15 daqiqa kifoya.
Loyiha muallifining ta’kidlashicha, yangi yaratilgan texnologiya havo orqali infeksiya yuqishi xavfini butunlay yo‘qqa chiqaradi. Bu texnologiyaning universalligi shundaki, u nafaqat tojsimon o‘lat, balki barcha turdagi mikroblar, bakteriyalar va viruslarning kushandasiga aylanadi.
Mutaxassislarimiz ushbu texnologiyadan tibbiyot muassasalari va odam gavjum bo‘ladigan boshqa bino va inshootlarda foydalanishni tavsiya etishmoqda. Uning ishlash prinsipi eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan va inson salomatligi uchun mutlaqo xavfsiz. Yangi innovatsion qurilma yaqin kunlarda mamlakatimizda ommaviy ravishda ishlab chiqarilishi mo‘ljallanyapti.