O‘zbek tilini qachon o‘rganamiz?
Kun.uz muxbiri va mas’ul opa o‘rtasidagi suhbat internetda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Kimdir o‘zbek tilini bilmagan deputat opaning yonini olsa, boshqa kimdir jurnalistni millatchilikda ayblagan.
Ammo bilishimiz kerakki, O‘zbekistonda yashab, mas’ul vazifalarda ishlab turib, yana deputat bo‘lib turib ham shu yurtning tilini bilmaslik uyat.
Shaxsan men til o‘rganish va til bo‘lish juda muhim deb hisoblayman. Ko‘p tillarni bilgan odamlarga hurmat bilan qarayman. Hatto ular bilan ko‘proq suhbatlashib, bilganlarini o‘rganishga harakat qilaman. Ammo...
Davlat tilining muhimligi qachon oshadi? Qachonki, unga hurmat bilan qarab, shu tilda ko‘proq gapirsak. Hozir o‘zbek tilini bilmaslik uyat emas, ammo rus tilini bilmasangiz ish so‘rab borilgan ko‘plab eshiklar siz uchun yopiladi.
E’tibor qilsam, qachon qarama biron joyda rus tilida gapirishsa albatta ruscha, tojikka tojikcha javob berarkanman. Yo‘q, o‘zbekcha gapiring deb gapirganimni eslay olmadim.
Millatning millat bo‘lishida uning tili ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbek tilida ko‘proq gapirish va gapirtirish kerak. Ayniqsa, mas’ullarni.
Bir qancha tadbirlarda AQSh elchisining o‘zbek tilida gapirganini ko‘rganman. Ular O‘zbekiston kelganidanoq, tilni o‘rganishga harakat qiladi. Nega shu yerda tug‘ilib, katta bo‘lgan va mas’uliyatli lavozimlarda ishlaydigan odam tilni bilmaydi? Aslida, shu uyat emasmi? Hurmatsizlik emasmi?
Bu opa kamiga deputat ekan. Andijon viloyatida yo hamma 100 foiz rus tilini bilarmikan? Saylovchi sifatida murojaat qilishsa “menga ruscha gapiring!” deb o‘tirgan opa bilan qanday gaplashishadi?!.
Shahnoza Xoliqova.