O‘zbekiston 2022 yilda transafg‘on temir yo‘li qurilishini boshlaydi
O‘zbekiston 2022 yil bahor oylaridan transafg‘on temir yo‘li qurilishini boshlaydi. Bu haqda «Sputnik Afg‘oniston» xabariga tayanib, Bugun.uz ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Islomobod shahrida O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiyga respublika transafg‘on temir yo‘li qurilishi bo‘yicha ishlarni bahorda boshlashga va’da bergan.
Shuningdek, Toshkent temir yo‘lda ishlash uchun afg‘on mutaxassislarini tayyorlash niyatida. Shu bilan birga, Muttaqiy O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashevning Toshkentga tashrif buyurish taklifini qabul qilgan.
“Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar” transport yo‘lagi Rossiya, Yevropani Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan bog‘lashi kerak.
Avvalroq Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Muttaqiyni Toshkentga taklif qilgani haqida xabar berilgandi. Tashqi ishlar vaziri, o‘z navbatida, ushbu taklifni qabul qilgan.