Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatdi

Bugun, 14 sentyabr kuni Afg‘onistonning Hayraton shahrida Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Mazkur insonparvarlik yordami – un, turli oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur tovarlar, dori-darmonlar, kiyim-kechak va poyafzallardan iborat bo‘lib, bu o‘zbek xalqining birodar Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan xayrixohligining yana bir ifodasiga aylandi.

Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid butun afg‘on xalqi nomidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bugungi sinovli davrda mamlakatga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi va birdamligi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Alohida qayd etilganidek, Afg‘oniston xalqiga ko‘mak ko‘rsatish chaqiruviga O‘zbekiston rahbari birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgani, uning siyosatini ko‘p millatli Afg‘oniston xalqi chinakam insonparvarlik, birodarlik va yaxshi qo‘shnichilikning namoyon bo‘lishi sifatida baholadi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamza insonparvarlik yordami o‘z vaqtida berilibgina qolmay, balki alohida ehtiyoj ekanligini, bu esa xalqlarimiz o‘rtasida asrlar osha davom etib kelayotgan tarixiy, madaniy va ma’naviy aloqalarning yana bir isboti ekanligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yordam aslida Afg‘onistonga pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga, shuningdek, mamlakatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar va oziq-ovqat inqirozining oldini olishga xizmat qiladi.