O‘zbekiston havo yo‘llari” navbatdagi “Boeing -787-8 Dreamliner” yo‘lovchi avialaynerini qabul qabul qilib oldi

Avialayner raqobatdooshlik va parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida MAK aviaparkini zamonaviy aviatsiya texnikalari bilan yangilash va kengaytirish maqsadidagi investitsion loyiha doirasida sotib olingan. Bu haqda xs.uz xabar berayapti.

Yangi samolyot avvalgi uchta “Boeing -787-8 Dreamliner“ kabi ishlab chiqaruvchi zavodidan keltirildi. Shuningdek, unda yonilg‘i sarflash samaradorligini oshirish, shovqin darajasini pasaytirish va atmosferaga CO2 gazining ajrab chiqishini kamaytirish imkonini beruvchi "GE Aviation" kompaniyasining " GEnx-1B"dvigatellari o‘rnatilgan. Avialayner biznes klassda 24 nafar, ekonom klassda esa 222 nafar jami 246 yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan.

Unda yo‘lovchilar uchun maksimal qulayliklar yaratilgan. Shinam samolyot sahni, qulay va keng o‘rindiqlar, yangi pol qoplamlari, yoritish va tovush izolyasiyasi, individual ko‘ngilochar dasturli HD sensorli monitorlar  yo‘lovchilarga parvoz davomida ajoyib taassurot qoldiradi.

Ta’kidlash joizki, navbatdagi "havo kema"si MAK tomonidan ekspluatatsiya qilinayotgan boshqa uchta Dreamlinerdan internetga kirish uskunalari mavjudligi bilan farqlanadi. Bu aviakompaniyaning “bortda internet” xizmatidan foydalanish mumkin bo‘lgan uchinchi layneridir. Parvozdagi aloqa provayderi MAKning "Airbus- A320nyeo" samolyotiga ham provayderlik qilgan, (Inflight Entertainment and Connectivity) ko‘ngilochar dasturlar va aloqa tizimini o‘rnatgan "Panasonic Avionics Corporation"kompaniyasi hisoblanadi.

"Boeing- 787-8 Dreamliner"ning Markaziy Osiyodagi birinchi buyurtmachisi bo‘lgan O‘zbekiston milliy aviakompaniyasi ularning tijoriy ekspluatatsiyasini 2016 yilda boshlagan. MAKning 2020 yilga mo‘ljallangan rivojlanish rejalariga muvofiq, aviapark ushbu rusumdagi oltita samolyot bilan to‘ldiriladi va MDHda bunday samolyotlarning yetakchi ekspluatantiga aylanadi.

Aviaparkning modernizatsiya qilinishi O‘zbekiston milliy aviakompaniyasiga xalqaro aviatashuvlar bozorida respublikaning manfaatlarini munosib tarzda namoyish etish, mamlakatning iqtisodiy salohiyatini oshirish, xususan, ichki va tashqi turizm sohasini rivojlanishiga imkon yaratib, uning taraqqiyot yo‘lida yangi bosqichni boshlab beradi.