O‘zbekiston hududida shu paytgacha qanday epidemiyalar yuzaga kelgan?
Yevropalik tarixchilar o‘rta asrlarda qit’ada tarqalgan turli epidemiyalar Osiyodan kelganligiga qattiq ishonishgan. “Antik davrdayoq yuzaga kelgan Buyuk ipak yo‘lining Markaziy Osiyodan o‘tishi o‘lat, vabo, maxov, chechak va boshqa shu kabi turli kasalliklarning tarqalishiga sabab bo‘lgan. Bu yo‘lda karvonlar va odamlarning harakatlanishi epidemiya geografiyasining kengayishiga, aksariyat hollarda Osiyoda paydo bo‘lgan kasalliklarning Yevropaga ham kirib kelishiga sabab bo‘lgan”ligini yozadi fransuz tadqiqotchisi.
Ammo tarixga nazar tashlasak, epidemiyalarning aksariyati Yevropada tarqalgan. Kommunikatsiyaning zaifligi oqibatida o‘sha taraflardan boshqa joyga chiqmagan. Albatta bunga tozalik va ozodalik bilan bog‘liq ba’zi jihatlar ham sabab bo‘lgan. Ya’ni Yevropa shaharlaridagi aholining turmush tarzi ham turli yuqumli kasalliklarning tarqalishiga olib kelganligini unutmaslik lozim. Shu bilan birga o‘rta asr Yevropa shaharlari doimiy tarzda feodallar zug‘umi ostida bo‘lgan va buning oqitada aksariyati kichik maydonni egallagan, ko‘chalari tor, kanalizatsiya tizimi bo‘lmagan. Chiqindilarni chiqarib tashlash yoki zararsizlantirish o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chaga tashlashgan. Tez-tez yoqqan yomg‘ir esa chiqindiga to‘lgan ko‘chalarda zaharli ko‘lmaklar hosil qilib, Yevropada tez-tez o‘lat tarqalib, epidemiyalarga sabab bo‘lgan.
Osiyoda esa o‘rta asrlarda tarqalgan epidemiyalarning aksariyati Hindistonda yuzaga kelgan. Garchi Hindiston bizga yaqin joylashgan bo‘lsada, har doim ham o‘lat hududimizga kirib kelavermagan.
Movarounnahrda XVIII asrda yuz bergan siyosiy inqiroz davrida o‘lat tarqalganligi o‘sha davr mualliflari asarlarida qayd etilgan. Hatto Samarqanddek katta shahar uzoq yillar kimsasiz qolganligini, Buxoro amiri Shohmurod davrida shaharning qayta tiklanganligini tarixdan bilamiz. Biroq bunday holatlar tez-tez kuzatilmagan.
XIX asrga kelib vaziyat o‘zgardi. Birgina XIX asr oxiri XX asr boshlarida – 1872, 1892, 1904, 1905, 1907, 1908, 1910, 1915, 1918, 1921, 1922, 1923 yillarda 12 marta o‘lat epidemiyasi tarqalganligi e’tiborni tortadi. Ushbu epidemiyalar dastlabkilari Hindistondan Afg‘oniston orqali bizning o‘lkaga kirib kelgan bo‘lsa, keyinchalik Rossiyadan kelib, o‘lkada tarqalgan.
Rossiya imperiyasiga qaram bo‘lgan O‘rta Osiyoning shaharlari ikki qismga – aholining yevropaliklar yashaydigan qismi va mahalliy aholi guzarlariga bo‘lingan edi. Biroq “ko‘rinmas yov” na chegarani, na to‘siqlarni va na mafkurani biladi. Sog‘liqni saqlash tizimi esa faqatgina Rossiyadan ko‘chib kelganlar va ularning oilalariga xizmat qilardi. Mahalliy aholi uchun esa shifoxonalar juda kam edi. 1880 yillarning oxirida Turkiston general-gubernatori M.Chernyayev davrida mahalliy ayollar va bolalar uchun har bir shaharda 10-20 kishiga mo‘ljallangan shifoxonalar qurildi, xolos. O‘latdan davo istagan mahalliy aholi ko‘p hollarda an’anaviy davolash usullari, tabiblar xizmatidan foydalanishgan, turli o‘simliklar damlamalari, oziq-ovqatlarni dori sifatida qabul qilishgan.
1872 va 1892 yillarda O‘zbekiston hududida tarqalgan o‘lat bosqinchilarning sog‘liqni saqlash tizimidagi siyosatini o‘zgartirishiga undadi. Kasallik haqida odamlarni ogohlantirish va undan saqlanish bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqilib, imomlar va oqsoqollar orqali aholiga yetkazildi.
1892 yilgi o‘lat Turkistonda nafaqat sanitar vaziyatni, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohani ham izdan chiqardi. Podsho hukumati “Turkestanskiye vedomosti” gazetasining 1892 yil 2 iyundagi sonida tibbiyot xodimlari hamda aholini rus va va o‘zbek tillarida o‘latga qarshi ko‘riladigan choralar haqida ogohlantirib bordi. Ushbu gazetada tibbiyot sohasidagi yevropalik kashfiyotchi-olimlar Lui Paster va Robert Kox ixtirolari haqida ham maqolalar chop etilib, aholi vaboga qarshi kurashda zamonaviy fanga ishonishga chaqirildi.
Biroq viruslarga qarshi vaksinalar hali yaratilmagan edi. Oqibaitda Rossiya imperiyasining aholini “qismlarga” ajratishdek segregatsiya siyosati oqibatida Turkistonda birgina 1872 yilda tarqalgan epidemiya oqibatida 72 205 kishi, 1892 yilda 47520 kishi vafot etgan. Bu ham aniq raqamlar emas. Chunki aksariyat hollarda o‘z yaqinini diniy rasm-rusmlar doirasida dafn etishni xoxlagan odamlar kasallikni yashir ishgan. Bu esa kasallikning yanada keng yoyilishiga olib kelgan.
1872 yilgi epidemiyadan Markaziy Rossiya bilan, Eron hamda Afg‘onistondan kasallik kirib kelgan Kaspiyorti viloyati bilan domiy aloqada bo‘lgan Toshkent eng ko‘p jabr ko‘rdi. Turkistonning ichki shaharlarida Erondan kirib kelgan epidemiya kamroq, lekin tez-tez tarqalib turdi va faqatgina 1892 yildagi epidemiya davrida 38 ming kishini hayotdan olib ketdi. Dastlab 1881 yilda Arabistonda paydo bo‘lgan ushbu o‘lat 1884 yilda Yevropa, Osiyo va Amerikaning katta qismiga tarqaldi. 1887 yilda biroz susayib, 1892 yilda yangidan to‘lqinlandi va Afg‘oniston orqali Turkistonga kirib keldi. Keyin ushbu kasallik Transkaspiy temiryo‘li orqali o‘lkaning boshqa joylariga ham tarqaldi. Balki shuning uchun o‘sha davrda temiryo‘lga “shayton aravasi” deb nom berishgandir. Harholda temiryo‘l kasallik tarqalishining asosiy omili bo‘lgani haqiqat. Buni arxiv manbalaridagi raqamlardan ham bilish mumkin. Ya’ni, temiryo‘l orqali safar qiluvchilar soni yildan-yilga ko‘payib bordi: 1899 yilda 443 ming, 1907 yilda 1 million 900 ming, 1908 yilda 2 million 710 ming, 1909 yilda esa qariyb 3 million kishi ushbu xizmatdan foydalangan.
XX boshiga kelib epidemiya tarqalishining an’anaviy “Hindiston-Afg‘oniston-Eron” yo‘lidan mutlaqo yangi – shimoldan janubga va g‘arbdan sharqqa qarab yo‘nalgan yo‘li paydo bo‘ldi. Bu paytda Rossiyaning markaziy va g‘arbiy hududlarida yuzaga kelgan o‘lat Turkistonda ham paydo bo‘lib, uni yuqtirganlar soni o‘sib bordi.
Birgina 1908 yildan 1921 yilgacha Rossiyadan Turkistonga to‘rtta o‘lat epidemiyasi kirib keldi. Ulardan birinchisining o‘chog‘i 1904 yilda Eronda paydo bo‘lgan bo‘lsa, qolganlari 1907, 1910 va 1921 yillarda Astraxan va Kavkazda yuzaga kelgan.
Barcha davrlarda dunyoda yuzaga kelgan epidemiya tarqalishi sharoitida ko‘proq va aksariyat hollarda shaharlar talofat ko‘rganligi ayni haqiqat. Bunga bir tomondan shaharlarda aholining zichligi sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan shaharlarning xalqaro savdo aloqalardagi faol ishtiroki sabab bo‘ldi.
Davrlar orasidagi katta farqlar, siyosiy tuzim va yondashuvlarga qaramasdan o‘lat epidemiyasi va koronavirusning quruqlik, suv va havo yo‘llari orqali tarqalish tezligi ularni birlashtirib turuvchi omildir. Harakatlanishning cheklanishi, ta’lim muassasalarining yopilishi, dafnga oid diniy va boshqa marosimlarning cheklanishidan ko‘zlangan maqsad, garchi bu iqtisodiyotga katta zarar bo‘lsa-da epidemiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘z-o‘zini yakkalash tarixda yuz bergan turli o‘latlar tarqalishi davrida ham mavjud bo‘lib, 40 kunni tashkil etgan. Hozir esa kasallik tarqalishi zanjirini uzish uchun 14 kun kifoya. Lekin o‘sha 14 kun haqiqatdan ham kishilar tomonidan o‘zini o‘zi yakkalash bilan o‘tishi lozim.
Mahmudxon Yunusov,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.