O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Paxtachi tumanidagi gazeta tahririyatiga bordi

“Paxtachi” gazetasi tahririyatida bo‘lgan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov jurnalistlar bilan sohadagi muammolar, ijodiy muhit, hamkasblarga yaratilgan sharoitlar yuzasidan muloqot o‘tkazdi.

“Paxtachi” gazetasi ilk bor 1935 yilda “Uchqun” nomi bilan chiqqan. O‘tgan yili, gazetaning 85-yilligiga “Obod markaz” dasturiga asosan tuman gazetasi uchun yangi bino qurib berilgan. Bungacha ijodkorlar bir qavatli, eski binoda faoliyat yuritgan.

Bugungi kunda gazeta zamonaviy dizaynda, 3500 adadda haftada bir, 8 sahifada chop etilmoqda. Gazetada chop etilayotgan tahliliy maqolalarning video formati bilan Youtube ijtimoiy tarmog‘idagi sahifada ham ko‘rish mumkin. Shuningdek, boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham materiallar joylab borilmoqda.

Uyushma raisi yosh qalamkashlar va mushtariylar bilan ham fikrlashdi.