O‘zbekiston koronavirusga qarshi emlash bo‘yicha nima ishlar qilmoqda?

SSV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bugungi kunda dunyoda koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinani ishlab chiqish bo‘yicha faol harakatlar olib borilmoqda.

Hozir jahonda 25 ta vaksina klinik, 139 tasi esa klinikagacha bo‘lgan sinovlar jarayonida. Dunyo bo‘yicha Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan 9 ta vaksinaning oxirgi (uchinchi) bosqich sinovlari o‘tkazilmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalaridan vaksinalar klinik sinovlarining uchinchi bosqichini O‘zbekistonda birgalikda amalga oshirish bo‘yicha takliflar olindi. Shu jumladan, yurtimizda Xitoyning “Sinopharm” kompaniyasining vakolatli korxonasi (“Yilin International Commerce” MChJ) bilan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Zhifei Longcom” kompaniyasi bilan kelishuvlar imzolandi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilayotgan “Sputnik-V” vaksinasining 5000 dozasini O‘zbekiston Respublikasiga ajratish yuzasidan Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga murojaat qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “COVAX” (koronavirusga qarshi vaksinalash) xalqaro mexanizmiga qo‘shilgan. Agar vaksina muvaffaqqiyatli ishlab chiqilgan bo‘lsa, “COVAX” mexanizmida ishtirok etadigan mamlakatlar aholisining yigirma foizini emlash uchun yetarli vaksina ta’minotiga kafolatlangan dastlabki kirish imkoniyatidan foydalaniladi. Shuningdek, ushbu dasturning asosiy maqsadi yangi vaksinalarni yaratish va sinovdan o‘tkazish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar hamda ularni ommaviy ishlab chiqarishga tayyorgarlikni qo‘llab-quvvatlashdir.

Yana bir muhim masala, vaksinalarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish. Mazkur masala ham olimlarimiz va farmatsevtika sohasi ishlab chiqaruvchilari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Bu holatda vaksinalar importga bog‘liq bo‘lmaydi. Ularni eksport qilish orqali qo‘shni davlatlarga ham yordam berish imkoni yaratiladi. Bu o‘z navbatida, mintaqada “COVID-19”ga nisbatan epidemiologik barqarorlikka erishish jarayonini ta’minlaydi.