O‘zbekiston majburiy mehnat bo‘yicha vaziyat yaxshilanayotgan davlatlar qatorida qoldi
AQSh Davlat departamentining 20 iyunda odam savdosi bo‘yicha 2019 yil uchun e’lon qilingan hisobotida O‘zbekiston 2-toifadagi mamlakatlar qatorida qoldi, deb yozmoqda minbar.
Reytingda 187 davlat uch toifaga bo‘lingan. 1-toifaga vaziyat eng yaxshi davlatlar, 2-toifaga vaziyat yaxshilanayotgan davlatlar va uchinchi toifaga vaziyat eng yomon bo‘lgan davlatlar kiritilgan.
O‘zbekiston odam savdosi bo‘yicha vaziyat yomon bo‘lgan davlatlar qatoridan chiqarilib, vaziyat yaxshilanayotgan davlatlar toifasiga ancha yildan beri ilk bora 2018 yilda kiritilgan.
2019 yilgi hisobotda aytilishicha, o‘zbek hukumatining majburiy mehnatni tugatishda ko‘rsatayotgan siyosiy irodasi alohida e’tiborga molik. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida byudjeti $26 millionlik xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash fondi tuzilgani ijobiy qadam sifatida olqishlangan.
Lekin oldingi hisobot davriga qaraganda majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha qilinayotgan ishlarning bir muncha susaygani qayd etilgan. Hukumat majburiy mehnatni tugatish borasida sezilarli ishlar qilgan bo‘lsa-da, uni butkul tugatolmagani, bu borada izchillik yetishmayotgani aytilgan. Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etish ko‘rsatkichlari ham besh yildan beri kamaymoqda. Bularning barchasi 2019 yilgi hisobotda O‘zbekiston 2-toifadagi davlatlar qatorida qolishiga sabab bo‘lgan.