O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlari forumida so‘zlagan nutqi
Hurmatli forum ishtirokchilari! Qadrli yoshlar!
Cizlar bilan bugun mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan O‘zbekiston yoshlari forumida uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman.
Ushbu muhtasham zalda to‘plangan, shuningdek, shahar va tumanlardagi studiyalarda o‘tirgan faol va tashabbuskor o‘g‘il-qizlarimizni, butun mamlakatimiz yoshlarini bugungi anjuman bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda, sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida yuksak qadrlayman.
Biz yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz va azmu shijoatingizga suyanamiz.
Barchangiz yaxshi bilasiz, biz bugun o‘z oldimizga ulkan marralarni qo‘yganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik.
Biz oila, maktabgacha ta’lim, maktab va oliy ta’limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari deb hisoblaymiz. Shu sababli, ushbu sohalarda tub islohotlarni izchil amalga oshirmoqdamiz.
Ishonamanki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda sizlar singari fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, munosib hissa qo‘shadilar.
Barchangizga ayonki, bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Har kuni, yangi-yangi muammo va vazifalar paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, yakunlanib borayotgan yilimiz insoniyat uchun juda og‘ir va sinovli bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasidan millionlab odamlar aziyat chekdi.
Shunday murakkab davrda mard va fidoyi yoshlarimizning oldingi saflarda turganiga hammamiz guvoh bo‘ldik.
El boshiga ish tushganda, yoshlarimiz, kerak bo‘lsa, aziz jonlarini garovga qo‘yib, xalqimiz dardiga darmon bo‘ldilar. Sizlarning tengdoshlaringiz uyma-uy yurib, karantin davrida qiynalgan oilalarga amaliy yordam berdilar. Ayniqsa, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida minglab o‘g‘il-qizlarimiz ko‘ngilli sifatida faoliyat olib borganini bugun alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Yuragida ezgulik va mehr-oqibat tuyg‘ulari jo‘sh urgan ana shunday yoshlarimizga, ularga ta’lim-tarbiya bergan ota-onalari va ustoz-murabbiylariga bugun yana bir bor samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Aziz farzandlarim!
Xabaringiz bor, yaqinda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Toshkent shahri namunasi yaratildi. Ushbu tajriba doirasida poytaxtimizda o‘tkazilgan “Yoshlar oyligi”da o‘g‘il-qizlarimizning muammolari, taklif va istaklari “mahallabay” o‘rganildi. Ularning yechimlari bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqildi.
Bu ezgu tashabbus mamlakatimiz bo‘ylab keng qanot yozdi. Shuningdek, barcha shahar va tumanlarda Yoshlar festivallari bo‘lib o‘tdi. Ko‘pchiligingiz ushbu tadbirlar doirasida qator vazirlar, hokimlar, bankirlar va boshqa mutasaddilar bilan ochiq muloqot qildingiz.
Men ham mazkur jarayonlarni televideniye orqali har kuni kuzatib bordim. Yoshlarimizning dolzarb masalalarni dadil ko‘tarib chiqishi, tashabbuslari va shijoati menga juda ma’qul bo‘ldi. Dunyoqarashi keng, jonkuyar, ilg‘or fikrli farzandlarimiz ko‘pligini ko‘rib, to‘g‘risi, nihoyatda quvondim.
Endi biz Toshkent shahri tajribasini butun mamlakat bo‘ylab keng joriy qilamiz. Bu borada Toshkent, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida allaqachon amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Yoshlarga doir siyosatimizni samarali amalga oshirish, ularning ijtimoiy muammolarini tizimli o‘rganish va muvofiqlashtirish vazifasi mutasaddi tashkilotlarga yuklatildi.
Bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari, vazirlar va boshqa mas’ul rahbarlar joylarda yoshlar bilan uchrashuvlarni doimiy ravishda tashkil etib boradilar. Hokimlar va sektor rahbarlari yoshlar muammolarini hal etishga qaratilgan amaliy “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqib, ijrosini ta’minlaydilar. Shu masala bo‘yicha har 6 oyda mahalliy kengashlarga hisobot beradilar va kelgusi yarim yillik uchun aniq rejalarni belgilab oladilar.
Savdo-sanoat palatasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida palataning hududiy o‘quv markazlarida uyushmagan va ishsiz yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitishni tashkil etadi.
Kuni kecha Savdo-sanoat palatasi yig‘ilishida “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshlarni biriktirish yuzasidan xayrli tashabbus e’lon qilindi. Bu tashabbus ko‘plab tadbirkorlarimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
Kelgusi yilda kamida 500 ming yoshga ish joyi yaratishi mumkin bo‘lgan ushbu harakatni biz ham albatta ma’qullaymiz.
“Hunarli kishi xor bo‘lmas”, deydi xalqimiz. Ammo keyingi paytlarda farzandlarimizning usta hunarmandlar qo‘lida kasb-hunar o‘rganishiga yetarli e’tibor bermay qo‘ydik. Vaholanki, ustoz ko‘rgan o‘g‘il-qizlarimiz domlasiga munosib bo‘lishga intiladi, hayotda ularning ko‘magi bilan o‘z o‘rnini topadi. Shu bois, hududlarda “ustoz-shogird” an’anasini yanada kuchaytirsak, o‘ylaymanki, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
Bu ezgu ishga jalb etiladigan hunarmand ustalarni Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi. Bu muhim vazifalarni joylarda amalga oshirish uchun Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari shaxsan mas’ul bo‘ladilar.
Barchangizga yaxshi ma’lumki, ayni paytda yurtimizda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tezkor rivojlantirish bo‘yicha yetarli tajriba to‘plandi. Endi, orttirgan tajribamiz asosida respublikamizning barcha shahar va tumanlarida “Yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etiladi. Ushbu sanoat zonalarida yoshlar loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘ladigan barcha infratuzilma ob’yektlari joylashtiriladi.
Tijorat banklarining hududlarda faoliyat boshlagan “Loyihalar fabrika”lari yoshlarimizning ilg‘or g‘oyalari asosida loyihaviy taklif va biznes rejalarini tayyorlab beradi.
Yoshlar loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etilib, ushbu jamg‘armaga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi. Ushbu jamg‘arma yoshlarning loyihalariga qulay shartlarda va past foizlarda kredit beradi.
Bundan tashqari, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida beriladi.
Joylarda “Yoshlar kichik sanoat zonalari”ni tashkil etish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir hafta muddatda taklif kiritadilar. Yoshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlashda soliq va boshqa imtiyozlarni berish yuzasidan qaror qabul qilinadi.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
O‘rni kelganda ta’kidlash kerakki, yoshlarimiz muammolarini tizimli hal etish borasida ko‘plab kamchiliklar haligacha saqlanib qolmoqda.
Albatta, bugun o‘z tengdoshlariga ibrat bo‘layotgan, jamiyatdagi o‘zgarishlarda faol ishtirok etib kelayotgan g‘ayratli yoshlar juda ko‘p. Lekin, hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, yo‘ldan adashgan, ko‘makka muhtoj yoshlar ham, afsuski, yo‘q emas.
Shuning uchun, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yoshlar ishlari agentligi bilan birga, yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qatlami bilan mas’ullar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga xizmat qiluvchi “Yoshlar murojaati” elektron platformasini yaratishi kerak bo‘ladi.
Yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar aksariyat yoshlarimizda ijobiy motivatsiya, biznes va tadbirkorlik sohasida zarur bilim va malaka yetishmasligini ko‘rsatdi. Demak, ularga tadbirkorlik asoslarini o‘rgatishga qaratilgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz lozim.
Shuni inobatga olib, “Mikrokreditbank” kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qib, sertifikat olgan yoshlarga imtiyozli foizlarda mikrokreditlar ajratish choralarini ko‘rsin. Bunday kreditlar 3 yil imtiyozli davri bilan 7 yil muddatga beriladi. Bank tomonidan ushbu maqsadlar uchun kelgusi yilda 45 million dollarlik mikrokreditlar ajratiladi.
Shuningdek, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi orqali har bir viloyatga yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 100 milliard so‘mdan kredit mablag‘lari yo‘naltiriladi.
Ushbu dasturlar orqali yoshlarning biznes loyihalari samarali amalga oshirilishiga joylarda hokimlar va sektor rahbarlari shaxsan mas’ul bo‘ladilar.
Bugun o‘g‘il-qizlarimizni qiynayotgan jiddiy muammolardan biri – o‘qishni tamomlagan yoshlar bandligini ta’minlashdir. Ko‘plab maktab va kollej bitiruvchilari, ba’zan oliy ma’lumotli yigit-qizlar ham ish topishda qiyinchilikka uchramoqdalar.
Ma’lumki, bu yildan Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 7-11 sinf o‘quvchilariga maktabda ta’lim berish bilan birga, ularni kasbga o‘rgatish tizimi joriy etildi.
O‘quvchi 11-sinfga o‘tdimi, u tuman yoki shahar hokimligining bevosita nazoratida bo‘lishi lozim. Agar bola oliy o‘quv yurtiga kira olmasa, mahalliy rahbarlar uni albatta ish bilan ta’minlashi shart. Buning uchun ish beruvchilar yosh mutaxassisni o‘z jamoasiga qabul qilishdan manfaatdor bo‘lishi kerak.
Shu sababli, Vazirlar Mahkamasiga ish beruvchilarga yosh kadrlarni ishlatgan davri uchun tegishli imtiyozlar taqdim etish masalasini ko‘rib chiqish vazifasi topshiriladi.
Qadrli yoshlar!
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash, yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
O‘tgan uch yilda respublikamizda 5 mingdan ortiq yosh oilalar uchun arzon uy-joylar qurildi va ularga 200 milliard so‘m miqdoridagi boshlang‘ich badal pullari to‘lab berildi. Mana shunday ezgu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida, 2021-2023 yillarda Yoshlar uylarini qurish dasturi amalga oshiriladi.
Hurmatli o‘g‘il qizlarim!
Xalqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni doimo asrab-avaylab keladi. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat ham shunchalik barqaror bo‘ladi.
Bir narsani unutmasligimiz lozim: xonadonlarimizdagi tinchlik-totuvlik, avvalo, oiladagi sog‘lom muhit, mustaqil hayot ostonasida turgan qizlarimizni oilaviy turmushga tayyorlash bilan bevosita bog‘liq.
Afsuski, bu muhim masalaga loqaydlik va e’tiborsizligimiz natijasida joriy yilning o‘tgan 11 oyida yosh oilalar o‘rtasida 25 ming ajrimlar qayd etilgan. Bu salbiy holat barchamizni jiddiy bezovta qilishi va qattiq tashvishga solishi kerak.
Axir, o‘zingiz o‘ylang, 25 ming ajrim – agar har bir oilaning kamida uch nafar a’zosi bo‘lsa, bu – 100 ming odam hayotining barbod bo‘lgani emasmi?! Buning oqibatida qanchadan qancha begunoh bolalar tirik yetim bo‘lib qoladi. Qancha insonning taqdiri izdan chiqib, sarson-sargardon bo‘ladi.
Nega mana shu oilalarni saqlab qolish uchun mahallada harakat qilmadik, yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmadik?
Men, bugungi imkoniyatdan foydalanib, keng jamoatchilikka, avvalambor, ko‘pni ko‘rgan mo‘’tabar nuroniylarimizga, oqila va mehribon onalarimizga murojaat etmoqchiman. Bu og‘riqli masalada bizga yordam beringlar, deb iltimos qilaman.
Oilaviy nizolarning oldini olish, ajrimlarni kamaytirish borasida siz, aziz yoshlarimiz ham tashabbus va faollik ko‘rsatsangiz, men barchangizdan cheksiz minnatdor bo‘lar edim.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bugungi forum sizlarning kelgusidagi maqsad va rejalaringizni belgilab olish uchun qulay bo‘lgan katta imkoniyatdir.
Buyuk ajdodimiz Muhammad Xorazmiyning: “So‘z – gul, ish – meva”, degan hikmatli so‘zlari bor. O‘ylaymanki, bugun belgilab oladigan rejalaringiz qanchalik pishiq-puxta bo‘lsa, ishingiz ham shunchalik yaxshi samara beradi.
Sizlar ko‘p kitob o‘qigan, bilimli avlod vakillari sifatida yurtimiz o‘tmishda jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganini yaxshi bilasiz.
Siz – Xorazmiylar, Farg‘oniylar, Beruniy va Ibn Sinolar, Ulug‘bek, Navoiy va Boburlar, Buxoriylar va Termiziylar avlodisiz.
Ana shunday buyuk vatandoshlarimiz yaratgan bebaho bilim va kashfiyotlar bugun ham insoniyatga beqiyos xizmat qilmoqda.
Bu o‘rinda, qomusiy olim Muhammad Xorazmiy asos solgan ilm – “algoritm”ni eslashning o‘zi kifoya. Bu ulug‘ zotning ulkan xizmatlarini butun bashariyat hanuzgacha minnatdorlik bilan eslamoqda. Uning olamshumul kashfiyotlari bugungi axborot texnologiyalarini yaratishda ham mustahkam asos bo‘lmoqda.
Kuni kecha Ispaniyaning Madrid shahridagi Komplutense universitetida alloma bobomizning haykali o‘rnatildi. 500 yillik tarixga ega bu nufuzli universitet mamlakatda birinchi o‘rinda turadigan oliygoh hisoblanadi. Mashhur ajdodimiz xotirasiga ko‘rsatilgan bunday ulkan ehtiromni biz ayni vaqtda xalqimizga, uning qadimiy tarixi va boy ilmiy merosiga ko‘rsatilgan yuksak hurmat ramzi sifatida qabul qilamiz.
Fursatdan foydalanib, Ispaniya hukumatiga, universitet rahbariyati va ilmiy jamoasiga butun el-yurtimiz va yoshlarimiz nomidan samimiy tashakkur bildiraman.
Atoqli shoir Abdulla Oripov yozganiday, Beruniy bobomizning “aql mash’ali” butun bashariyatni haligacha hayratga solib kelayotganini siz, aziz yoshlar yaxshi bilasizlar, albatta.
Eng muhimi, bu ulug‘ allomalarimiz o‘zlarining olamshumul kashfiyot va ixtirolarini sizning yoshingizda – ayni kuchga to‘lgan navqiron chog‘larida amalga oshirganlar. Siz ham buyuk ajdodlardan ibrat olib, hayotda mo‘’jizalar yaratishga astoydil intilishingiz kerak.
O‘z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim – o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!
Sizlar mustaqillik farzandlarisiz. Ota-bobolaringiz ko‘rgan to‘siq va qiyinchiliklarni ko‘rmay, ozod Vatanda erkin nafas olib voyaga yetayapsizlar.
Yuksak maqsadlar yo‘lida siz – yoshlar hal qiluvchi kuch bo‘lishingiz kerak.
Men sizlarning zimmangizga yuklangan ana shunday ulkan mas’uliyatni, tom ma’nodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishingizga qat’iy ishonaman.
Sizlar zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashingiz uchun barcha kuch va imkoniyatlarni ishga solayapmiz.
Men hududlarga borganimda, sizlarning tengdoshlaringiz bilan uchrashib, ularni qiynayotgan dolzarb muammolarni o‘rganishga alohida vaqt ajrataman.
Dunyoda globallashuv va raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi vaziyatda barcha sohalarda yuksak bilimli kadrlarni tayyorlamasak, taraqqiyotdan ortda qolib ketishimiz mumkin.
Shu maqsadda, ta’lim tizimida tub islohotlarni amalga oshirayapmiz. Sohada mutlaqo yangi tizim – Prezident va ijod maktablarini, matematika, ximiya, biologiya fanlari bo‘yicha maxsus maktablarni tashkil etayapmiz. Yoshlarimizga “IT” texnologiyalarni chuqur o‘rgatadigan ta’lim maskanlarining soni kun sayin ko‘payib bormoqda.
Biz bu ishlarimizning ilk mevalarini ko‘ra boshladik. So‘nggi uch yilda mamlakatimiz yoshlari nufuzli xalqaro tanlov va musobaqalarda besh yarim ming sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar.
Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Firdavs Abduqayumov IELTS dasturi bo‘yicha yuqori ball to‘plab, AQShning Jon Keroll universitetida tahsil olish uchun 96 ming dollarlik grant sohibiga aylandi.
Firdavs o‘g‘limni, uning ota-onasi va ustozlarini chin dildan tabriklab, ularga sihat-salomatlik tilayman.
Firdavsning izdoshi sifatida, Toshkent shahridagi Prezident maktabidan Temur Sulaymonov grant asosida, Namangandagi maktabdan Mironshoh Inomjonov va Azimjon Alijonov hamda boshqa ko‘plab o‘quvchilar nufuzli xorijiy ilm dargohlariga o‘qishga kirganlar va ularning soni kun sayin oshib bormoqda. Biz bunday iqtidorli yoshlarga o‘z vaqtida har tomonlama e’tibor qaratib, qo‘llab-quvvatlasak, o‘ylaymanki, ular katta-katta zafarlarni qo‘lga kiritadilar.
Shu sababli, yoshlarimizning nufuzli xorijiy oliygohlarda tahsil olishi uchun har tomonlama ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratamiz. Jumladan, xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan iqtidorli yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugun umumxalq harakatiga aylangan besh muhim tashabbusni amalga oshirishda yoshlarimiz faol ishtirok etayotgani bizni cheksiz quvontiradi.
Albatta, bu yo‘nalishda ma’lum natijalarga erishgan bo‘lsak ham, hali qiladigan ishlarimiz judayam ko‘p. Joylardagi madaniyat markazlari, sport zallarini ta’mirlash va jihozlash, yangilarini qurish haqida bugun jiddiy bosh qotirishimiz kerak.
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga bir oy muddatda besh muhim tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilish topshiriladi.
Ushbu qarorlarda joylardagi 459 ta madaniyat markazida zamonaviy sharoitlar tashkil etish, ularni ta’mirlash va jihozlash ko‘zda tutilishi lozim.
Bu muammoni albatta hal qilamiz. Lekin, meni masalaning boshqa jihati ko‘proq o‘ylantiradi. Madaniyat va san’at yo‘nalishida o‘qishni tamomlagan yoshlarimizning ko‘pchiligi poytaxtda qolishni afzal ko‘rayapti. Bu ahvolda katta xarajatlar evaziga joylarda barpo etilayotgan madaniyat va ma’rifat markazlarida ertaga kim ishlaydi? Qishloqlardagi yosh iqtidor egalarini kim izlab topadi, ularni kim tarbiyalaydi?
Shu munosabat bilan viloyat hokimlari har qaysi tuman va shahardan 5 nafargacha yoshlarni madaniyat va san’at oliygohlarida mahalliy byudjet hisobidan o‘qitadi. Kelgusida ularni o‘z hududida uy-joy va mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash choralarini ko‘radi.
Vazirlar Mahkamasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, hudud rahbarlari bilan birgalikda ushbu masala bo‘yicha ikki oy muddatda alohida dastur ishlab chiqadi.
Yana bir muammo – joylarda iste’dodli bolalarning aksariyati o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun tegishli sharoitga ega emas. Talantli yoshlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joylardagi ishlar talab darajasida emas.
Misol uchun, qaysi hududdan qancha Zulfiyachi qizlar chiqdi? Nechtasi “Nihol” mukofoti sovrindori bo‘ldi? Qaysi yosh shoir yoki yozuvchining kitobi nashr etildi? Qaysi yosh talant respublika yoki xalqaro tanlovlarda, sport musobaqalari va fan olimpiadalarida g‘olib bo‘ldi?
Agar masalaga chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, ertaga mana shunday yoshlar tuman yoki shaharning “oltin fondi”ga aylanadi va ular shu hududning obro‘sini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuning uchun har qaysi tuman va shahar hokimiga 10-15 nafar mana shunday iste’dodli yoshlarni saralab, ularni har tomonlama tarbiyalash va muntazam rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshiriladi.
Yana bir muhim masala!
Xabaringiz bor, yaqinda yangi bir tajribani joriy qildik. Unga ko‘ra, ayni kunlarda hokimlar yil yakuni bo‘yicha o‘z hududlarida amalga oshirilgan ishlar, mavjud kamchilik va muammolar hamda kelgusi rejalari haqida mahalliy kengashlar oldida hisobot berayaptilar.
Afsuski, yoshlar tarbiyasi, ularning muammolari va yechimlari hali ushbu hisobotlarda o‘z aksini topmayapti. Viloyatlar, tuman va shahar rahbarlari kelgusi yildagi ish rejalarida bu muhim masalaga ustuvor darajada ahamiyat qaratishlari zarur.
Keyingi yilda ham joylarda izlanuvchan yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar texnoparklari” qurilishini davom ettiramiz.
Joriy yilda yoshlar o‘rtasida eng yaxshi ilmiy ishlanmalar uchun umumiy qiymati 30 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan “Yosh olimlar” innovatsion loyihalar tanlovi e’lon qilingan edi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi 2021 yildan boshlab maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Bo‘lajak olim” tanlovini tashkil qilsin. Bu orqali yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilsin.
Bu ishlarni davom ettirgan holda, kelgusi yilda 100 dan ziyod shahar va tumanlarimizda “IT”ni chuqur o‘rgatadigan zamonaviy o‘quv markazlarini tashkil qilamiz.
Shu maqsadda, yangi yildan Toshkent viloyatida Axborot texnologiyalari universiteti filiali hamda barcha hududlarda mazkur yo‘nalishda texnikumlar o‘z faoliyatini boshlaydi.
Shuningdek, keyingi yildan yoshlarimizga xalqaro “IT” sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi byudjetdan qoplab beriladi.
Yaqin ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul o‘qitiladi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu loyiha doirasida sohaga qiziqadigan yoshlarni aniqlash, o‘qitish va ish bilan ta’minlashga qaratilgan dastur ishlab chiqsin.
Bundan tashqari, o‘rta maktablarda hamda oliy ta’lim muassasalarida yoshlarning iqtidor va talantlarini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish lozim. Bunda yoshlar yetakchilari birinchi navbatda o‘zlari tashabbuskor bo‘lishlari kerak.
Yoshlarimizning liderlik qobiliyatini kuchaytirish, ularning faolligini oshirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish uchun “Kamalak yulduzlari”, “Yilning eng faol yoshlar yetakchisi”, “Yil sardori” kabi ko‘rik-tanlovlarni o‘tkazish, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu bilan bir qatorda, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida Talabalar festivali, Intellektual o‘yinlar haftaligi, “Yil talabasi” singari ko‘rik-tanlov va musobaqalarni o‘tkazish ularning intellektual salohiyatini va tashkilotchilik qobiliyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Rektorlar Oliy Kengashi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi birgalikda 2021 yildan e’tiboran ushbu tanlovlarni tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazish, g‘oliblarni munosib rag‘batlantirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
Aziz yoshlar!
Sizlarga yana bir muhim yangilikni aytib o‘tmoqchiman. Keyingi yildan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy etiladi. Agar mavjud Prezident stipendiyasi faqat bir o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu grant talaba o‘qishni bitirguniga qadar, ya’ni, to‘rt yil davomida to‘lab boriladi.
Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab, respublikamizdagi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va davlat stipendiyalari joriy etiladi. Chunki, bunday ta’lim maskanlarida ta’lim olayotgan yoshlar ham o‘zimizning farzandlarimiz. Ular ham ertaga yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Shunday ekan, ularga bugun g‘amxo‘rlik qilib, iste’dodini rag‘batlantirsak, o‘ylaymanki, bu ham adolatdan bo‘ladi.
Ilm yo‘lini tanlagan iqtidorli yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, keyingi yildan boshlab magistratura va doktorantura bosqichlari uchun Prezident stipendiyasi kvotasini ikki barobarga oshiramiz.
Ishonchim komil albatta, bunday imkoniyat va imtiyozlarga, avvalo, yangi Renessans poydevorining chinakam bunyodkorlari sazovor bo‘ladi.
Yana bir dolzarb masala. Yurtimizda bir necha farzandi oliygohlarda tahsil olayotgan ota-onalarning aksariyati, ochig‘ini aytganda, o‘qish xarajatlarini qoplashda qiynaladilar. Shuning uchun ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim krediti berish tartibi ishlab chiqiladi. Bunda kreditni o‘qish davri tugab, yoshlarimiz ishga joylashgandan so‘ng qaytarish nazarda tutiladi.
Moliya vazirligi tijorat banklariga ushbu arzon kreditlar uchun maqsadli resurslar ajratilishini ta’minlasin.
Hurmatli kelajagimiz vorislari!
Xabaringiz bor, kelgusi yili buyuk bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini sizlar bilan keng nishonlaymiz.
Yoshlarimizga hazrat Navoiy ijodini chuqur o‘rgatishni tizimli yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Alisher Navoiy asarlarining bugungi yoshlar tushunadigan ixcham namunalarini yaratib, turli mobil ilova va elektron dasturlar ishlab chiqish kerak. Bu masalaga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rahbarlari mas’ul etib belgilanadi.
Ayni vaqtda, kelgusi yili biz atoqli shoir va adiblarimiz Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov, buyuk san’atkor Botir Zokirovning yubiley sanalarini ham keng nishonlaymiz.
Bu borada belgilangan tadbirlarni xalqimiz, avvalambor, yoshlarimizning xotirasida yorqin iz qoldiradigan darajada, chinakam adabiyot va san’at bayramlari sifatida o‘tkazishimiz kerak. Shu maqsadda, “Abdulla Oripov izdoshlari”, “O‘tkir Hoshimov asarlari bilimdoni”, “Botir Zokirov san’ati davomchilari” ko‘rik-tanlovlarining tuman, shahar, viloyat va respublika bosqichlarini tashkil etib, g‘oliblarni munosib taqdirlash zarur.
Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Badiiy akademiya, mahalliy hokimliklar mazkur tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazish choralarini ko‘rishi lozim.
Hurmatli do‘stlar!
Jahon tarixi shundan dalolat beradiki, har qanday yangi sivilizatsiya, yangi Uyg‘onish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi. Biz ham yangi Renessansning ilk qadami sifatida Toshkent shahrida zamonaviy, muhtasham kutubxona barpo etsak, nima deysizlar?
Bu ma’rifat saroyi ilm-fanning so‘nggi yutuqlari asosida jihozlanadi. Bu dargohda yurtimiz va jahondagi eng nodir, noyob va bebaho asarlar jamlanadi. U buyuk ajdodlarimizning boy merosi va nomlarini butun dunyoga tarannum etadigan, barcha yurtdoshlarimiz, birinchi navbatda, siz, qadrli farzandlarimiz uchun chinakam ziyo maskaniga, g‘urur va iftixorimiz ramziga aylanadi, deb ishonaman.
Aziz yoshlar!
Mana, yaqinda mamlakatimizning sport hayotida quvonchli yangilik bo‘ldi. Osiyo Olimpiya Kengashining qaroriga ko‘ra, 2025 yilda Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga Toshkent shahri mezbonlik qilishi belgilandi.
Bu musobaqada Osiyo qit’asidagi 45 ta davlat yoshlari 20 ga yaqin sport turi bo‘yicha o‘zaro bellashadilar. Bunday nufuzli xalqaro sport o‘yinlarining O‘zbekistonda birinchi marotaba o‘tkazilishi barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi, albatta. Shu bilan birga, u bizga g‘oyat katta mas’uliyat ham yuklaydi. Mana, sizlar kabi navqiron va azamat yoshlarning o‘z kuch va mahoratini ko‘rsatib, Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishlari uchun yana bir zo‘r imkoniyat!
Shu munosabat bilan ushbu sport bayramini yuqori saviyada o‘tkazish va unga iqtidorli yoshlarimizni tayyorlashga hozirdanoq kirishishimiz lozim. Shu maqsadda, Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha tuman, shahar, viloyat va respublika chempionatlari, “Hokim kubogi” musobaqalarini tashkil etish kerak.
Vazirlar Mahkamasi ushbu masala bo‘yicha tegishli qaror loyihasini ikki oy muddatda tayyorlab kiritsin.
Yurtimizda yosh avlodning jismoniy va ma’naviy yetuk bo‘lib ulg‘ayishi, jumladan, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, ommaviy sportga keng jalb etish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi” elektron platformasi ishlab chiqilmoqda. Hududlarda piyoda va velosipedda yurishga mo‘ljallangan “Salomatlik yo‘laklari” barpo etilmoqda.
Keyingi yillarda mahallalarda tashkil etilgan sport maydonchalari yoshlarning sevimli maskaniga aylandi. Bu ishlarni yanada rivojlantiramiz. Ayni paytda, maktab sport zallaridan darsdan tashqari vaqtlarda ham unumli foydalanish choralari ko‘riladi.
Bundan tashqari, 2021 yildan boshlab yoshlar o‘rtasida har yili “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu sinov talablarini bajarganlarga sport razryadlari beriladi, muddatli harbiy xizmatga borish va “Temurbeklar maktabi”ga kirishda imtiyozlar joriy etiladi.
Eng muhimi, mana shunday sinovlarda toblanib, irodasi chiniqqan farzandlarimiz jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetadi.
Bir paytlar “Vatanparvar” tashkiloti yoshlarga nafaqat harbiy sohada, balki katta hayotda ham zarur bo‘ladigan musobaqa va sport o‘yinlarini tashkil etardi, ularni texnik kasblarga o‘rgatardi. Shu sababli, yigit-qizlarimiz o‘rtasida unga qiziqish yuqori edi. Afsuski, keyingi paytlarda uning faoliyati susayib ketdi. Tashkilotning avvalgi nufuzini tiklashimiz zarur.
Shahar va tuman hokimlari, sektor rahbarlariga, har bir hudud va soha kesimida “Vatanparvar” tashkiloti bazasida yoshlarni mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish vazifasi topshiriladi.
Aziz farzandlarim!
Yoshlar tarbiyasi haqida gap ketganda, yana bir muhim masalaga e’tibor qaratishingizni istardim. Men bu o‘rinda yoshlar ma’naviyati bilan bog‘liq ayrim muammolarni nazarda tutyapman.
O‘zingiz guvohsiz, jahonning ko‘plab mintaqalarida hamon keskin vaziyat saqlanib qolmoqda. Turli nizo va ziddiyatlar avj olmoqda.
Hozir butun dunyoda terrorizm, ekstremizm va boshqa tahdidlar Internet makoniga kirib, moslashib olgan. Shuning uchun ularga qarshi kurashish oson kechmayapti.
Afsuski, ba’zi yoshlarimizda Internetdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikma va madaniyati yetarli emas. Ayrim yigit-qizlar Internetni axborot, bilim va ma’rifat manbai deb emas, balki shunchaki ko‘ngilochar vosita deb bilishadi.
Mana shunday mafkuraviy kurash sharoitida yoshlarimiz sezgir va ogoh bo‘lishi, har bir masalada avvalo Vatan manfaatini o‘ylab ish tutishi zarur.
Ilm-ma’rifat va kasb-hunarga intilish, oilani muqaddas bilish, ma’naviy poklik, kattalarga hurmat, kichiklarga shafqat, ezgu qadriyatlarga sadoqat kabi fazilatlar azaldan xalqimiz va millatimizning qonida bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosimizni nafaqat asrashimiz, balki uni yanada boyitishimiz, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishimiz kerak.
Shu o‘rinda, men hurmatli ota-onalar, bobolarimiz va momolarimizni, jonkuyar ustoz va murabbiylarni, muhtaram ziyolilarimiz, keng jamoatchiligimizni bu masalaga befarq bo‘lmasdan, yoshlar tarbiyasiga qaratilgan ishlarimizni yanada kuchaytirishga da’vat etaman.
Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz yoshlar tarbiyasi bo‘yicha o‘zimizga xos va ta’sirchan, bugungi kunga hamohang usullarni izlab topishimiz kerak. Jondan aziz farzandlarimizni buzg‘unchi va zararli g‘oyalar, jinoyatchilik, giyohvandlik, loqaydlik, ma’naviy qashshoqlik, iste’molchilik kayfiyatidan asrashimiz zarur. Bunday salbiy holatlarni bartaraf etishda barchamiz, avvalo, siz, aziz yoshlar faol bo‘lishingiz kerak.
Xalqimizning ma’naviy qudrati va boqiy qadriyatlarini asrab-avaylash va butun dunyoga tarannum etishga sizlar albatta qodirsiz.
Qadrli yosh do‘stlarim!
Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun bundan keyin ham barcha resurs va imkoniyatlarni keng safarbar qilamiz. Biz uchun bu borada mayda masalaning o‘zi yo‘q. Sizlarning kelajagingiz bilan bog‘liq har qanday vazifa – birlamchi ahamiyatga ega.
Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur.
Bundan buyon barcha darajadagi rahbarlar faoliyatiga yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirgan ishlariga qarab baho beriladi.
Fursatdan foydalanib, yana bir bor takrorlayman. Yoshlar tarbiyasi bilan, ularning muammolarini yechish bilan bugun shug‘ullanmasak, ertaga kech bo‘ladi. Bu, avvalo, yosh avlodimizga nisbatan xiyonat bo‘ladi.
Har qaysi hokim, har bir vazir, har qaysi mahalla raisi: “Bugun men yoshlar uchun nima ish qildim? Ertaga yoshlar manfaati uchun yana nimalar qilishim kerak?” degan savollarga javob beradigan, shunday e’tiqod bilan yashaydigan vaqt keldi. Yosh avlodimiz hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish haqida bosh qotirmaydigan, bu masalaga beparvo bo‘lgan rahbarlarning biz bilan yelkadosh va safdosh bo‘lishga haqqi yo‘q.
Aziz farzandlarim!
Xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlar kutayotganini hech qachon yodingizdan chiqarmang!
Yurtning yuksak ishonchi va umidini to‘la oqlash, unga munosib bo‘lish – dunyodagi eng ulug‘ baxtdir.
Shunday sharaf, barchangizga nasib etsin!
Fursatdan foydalanib, Yangi yilda sizlarga sihat-salomatlik, ulkan yutuq va zafarlar tilayman.
Hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz bolalarim!