O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqi​

Assalomu alaykum, muhtarama opa-singillar!

Hurmatli do‘stlar!

Bugun mana shunday dilbar, qutlug‘ bahor ayyomida siz, munis onalarimiz, hurmatli opa-singillarimiz, suluv qizlarimizni o‘zlaringiz kabi go‘zal bayramingiz – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Sizlarning timsolingizda butun O‘zbekiston xotin-qizlarini tabriklab, barchangizga chuqur hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Qadrli yurtdoshlar!

Hammamiz yaxshi tushunamiz, “Mehr – hayotning ustuni”, degan so‘zlarda chuqur ma’no va mazmun mujassam.

Bu haqda gapirganda, muqaddas ona, ayol zoti – chinakam mehr bulog‘i, mehr quyoshi, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Shu quyosh bor ekan, mehr-oqibat, ezgulik va adolat, vafo va sadoqat kabi buyuk qadriyatlar necha asrlardan buyon bezavol yashab kelmoqda. 

Shu bois bugungi quvonchli ayyomda avvalo dunyoda “fidoyi” degan so‘zga eng munosib bo‘lgan Ona siymosi oldida ta’zim qilamiz. Hayotimiz quvonchi, xonadonlarimiz ko‘rki bo‘lmish aziz ayollarimiz sha’niga eng go‘zal tilaklarimizni izhor etamiz.

Yer yuzida so‘z va soz san’ati, shoiru hofiz, rassom va haykaltarosh paydo bo‘libdiki, ona va ayol zoti yuksak pardalarda tarannum etib kelinadi. Ulug‘ shoirimiz Erkin Vohidov aytganlaridek, “Olamda ayol madhiga doston tugamaydi”. Chunki, ayol siymosi Yaratganning tengsiz mo‘’jizasi bo‘lib kelgan va hamisha shunday bo‘lib qoladi. 

Bizga mana shu yorug‘, go‘zal olamni yanada go‘zal va yorug‘ qilib turganlaringiz uchun katta rahmat sizlarga!

Biz – O‘zbekistonning mard o‘g‘lonlari, er yigitlari siz, azizlarga bo‘lgan hurmatimiz, mehr va muhabbatimizni oilalarimiz, el-yurtimiz hayotini yanada obod va farovon qilishga qaratilgan amaliy ishlarimiz bilan izhor etishga intilmoqdamiz. 

Biz xalqimiz roziligini avvalo, siz, muhtarama onalarimiz, opa-singillarimizning roziligi deb tushunamiz. Sizlarning sog‘-salomat bo‘lib, baxtli bo‘lib yashashinǵizni amalga oshirayotgan barcha-barcha islohotlarimizning asosiy maqsadi va mezoni deb bilamiz. Bu yo‘lda erishgan natijalarimiz faqatgina birinchi qadamlar bo‘lib, sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz, duolaringiz, hech shubhasiz, bizga cheksiz kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. 

Qadrli opa-singillar!

Ma’lumki, hozirgi vaqtda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Lekin sizlarning barcha sohalardagi samarali mehnatingiz, farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlaringizni hisobga olib aytadigan bo‘lsak, jamiyatdagi o‘rningiz, O‘zbekistonimiz erishayotgan yutuqlardagi beqiyos hissangizni hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.

Bugungi kunda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin opa-singillarimiz rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xotin-qizlarning ulushi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 82 foizdan ziyodni, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at sohalarida 72 foizni, qishloq xo‘jaligida 45 foizdan ortiqni, sanoatda 38 foizni tashkil etmoqda. Va sizlarning sidqidildan qilayotgan mehnatlaringiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan munosib taqdirlanmoqda. 

Mustaqillik yillarida 2 ming 180 nafardan ortiq xotin-qizlarimiz yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgani ham shundan dalolat beradi. Ularning orasida o‘nlab O‘zbekiston Qahramonlari, Fan arboblari, Xalq o‘qituvchilari, Xalq shoirlari, Xalq artistlari borligini alohida ta’kidlab aytmoqchiman. Bugungi davramizda turli jabhalarda astoydil mehnat qilayotgan ana shunday jonkuyar, oqila, mehr-oqibatli ayollarimizni, ularning davomchilari bo‘lgan iste’dodli qizlarimizni ko‘rib turganimdan xursandman. Ularning barchasi O‘zbekiston insoniy salohiyatining oltin fondini tashkil etadi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish yo‘lidagi samarali mehnatingiz, ezgu fazilatlaringiz bilan hammaga o‘rnak bo‘lib kelayotganingiz uchun sizlarga o‘z nomimdan, ko‘pmillatli butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli yurtdoshlar!

Barchangizga ma’lumki, biz “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmonini qabul qildik. O‘tgan qisqa davrda ushbu farmon doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta farmoni, 2 ta qarori, hukumatimizning 6 ta qarori va 4 ta farmoyishi qabul qilindi.

Ana shu hujjatlar asosida ilgari imkoniyatlari cheklanib, faoliyati susayib qolgan Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘limlari butunlay yangi asosda tashkil etildi.

Ularga qo‘shimcha vakolat va imkoniyatlar berilib, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Hozirgi kunda ushbu tizimda katta bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan 10 mingdan ortiq opa-singillarimiz xizmat qilmoqda.

Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘limlari qoshida “Huquqshunos ayollar”, “Ilm-fan va ayol”, “Ijodkor ayollar”, “Tashabbuskor ayollar”, “Ayol va salomatlik”, “Faxriy ayollar” jamoatchilik uyushmalari tashkil etildi. “Yil ayoli”, “Ibratli oila” tanlovlari o‘tkazilmoqda. Eng asosiysi, amalga oshirilgan ana shunday muhim chora-tadbirlar bugun o‘z samarasini bermoqda.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va yurtimizdagi siyosiy partiyalar o‘rtasidagi hamkorlik kuchaytirilib, 3 mingga yaqin yetakchi xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilgani e’tiborga loyiqdir. Ayni vaqtda ijtimoiy faol ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni o‘qitish, malakasini oshirish tizimi yaratilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda xotin-qizlar harakati katta salohiyat va istiqbolga ega ekanini ko‘rsatadi. 

Xabaringiz bor, bu yil yurtimizda milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Ana shu saylovlarga ayollarimiz ham katta tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Shu maqsadda joylarda “Deputatlikka start” aksiyalari tashkil etilayotganini biz albatta qo‘llab-quvvatlaymiz.

Sizlarga ma’lumki, hozirgi paytda mamlakatimiz deputatlar korpusining 30 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. O‘tgan ikki yillik tajribamizni, ayollarning siyosiy ongi va saviyasi oshib borayotganini inobatga olib, bu raqamni ancha ko‘paytirsak, o‘ylaymanki, adolatdan bo‘ladi.

Xotin-qizlar qo‘mitasining xalqaro faoliyati ham kuchayib bormoqda. Masalan, yangi tuzilgan O‘zbekiston ixtirochi ayollari markazi tashabbusi bilan yurtimiz olimalari o‘tgan yili Koreya Respublikasida tashkil etilgan xalqaro forumda munosib ishtirok etdilar. 

Muhtaram do‘stlar!

Bugungi davramizda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan Fransiya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor, Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakolatxonasi rahbari Xelena Freyzer, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakatimizdagi turli vakolatxonalarining rahbarlari bo‘lgan Ashita Mittal, Miyeko Yabuta, Lian Kuppens, Mariya del Pilar Alvarez-Laso xonimlarni ko‘rib turganimizdan g‘oyat mamnunmiz.

Mamlakatimiz bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan ana shu hurmatli mehmonlarimizni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan qutlab, ezgu tilaklarimizni bildirishga ijozat bergaysiz.

Aziz opa-singillar!

Barchangizga ma’lumki, biz uchun mehr-muhabbat qo‘rg‘oni bo‘lgan oila institutini mustahkamlash keyingi paytda yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ana shu siyosatni belgilaydigan muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi qabul qilindi. Mazkur konsepsiyani hayotga tatbiq etish maqsadida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi qayta tashkil etildi. 

Oila masalasini kompleks o‘rganib, mavjud holatni tahlil etish, monitoring qilish va baho berishga, ilmiy tadqiqotlar orqali oila farovonligini oshirishga xizmat qiladigan yangi tizim yaratildi.

Ilgari Adliya vazirligi tasarrufida bo‘lgan fuqarolik holatiga oid hujjatlarni qayd etish idoralari tuman va shahar hokimi o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga bo‘ysundirildi. Hozirgi vaqtda ular tomonidan oila institutini mustahkamlash, ajralishlarning oldini olish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.

Albatta, bu borada belgilangan chora-tadbirlarning mazmuni, sifati va samarasini oshirish uchun hali ko‘p ish qilishimiz kerak. Bugungi kunda izchil amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” va “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Har bir oila – tadbirkor” kabi dasturlar ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bugun “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladim. 

Bu qarorda ayollarning mehnat va pensiya sohasidagi huquqlari, gender tengligini ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi kafolatlar belgilab berilmoqda. Ayollarga o‘z biznesini tashkil etish, biznes g‘oyalarini tayyorlashda yordam berish, uzoq vaqt davomida bola tarbiyasi bilan band bo‘lgan, og‘ir iqtisodiy ahvolga tushib qolgan ayollarni talab katta bo‘lgan kasbga tayyorlash va ishga joylashish uchun ularga ko‘maklashish maqsadida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etilmoqda. Ayollarga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘ ularga imtiyozli kredit sifatida beriladi. Mazkur mablag‘larning kamida 50 foizi qishloq joylarda yashayotgan xotin-qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Biz opa-singillarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida bu boradagi ezgu ishlarni bundan buyon ham davom ettiramiz. 

Qadrli yurtdoshlar!

Xalqimizda “El sog‘lig‘i – yurt boyligi” degan maqol bor. Haqiqatan ham, tinchlik bilan sog‘liqni asrasak, qolgan hamma narsaga erishamiz.

Bu masalada hurmatli ayollarimizning salomatligini mustahkamlash biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. 

Hozirgi paytda barcha hududlarimizda perinatal, skrining, reproduktiv salomatlik va diagnostika markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Tug‘ruq bo‘limlari, ko‘p tarmoqli poliklinikalar va qishloq oilaviy poliklinikalari soni ortib bormoqda. Ushbu tibbiyot maskanlarida ayollar va qizbolalar yil davomida chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga doimiy patronaj xizmati ko‘rsatilmoqda. Bu esa onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash uchun zamin yaratishi shubhasiz.

Xotin-qizlarda uchraydigan kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash ishlari samarali tashkil etilayotgani tufayli ayollar o‘rtasida kasalliklar qariyb 2 barobar, onalar o‘limi 3 marta, go‘daklar o‘limi esa salkam 4 marta kamaydi. O‘tkazilgan skrining tekshiruvlari natijasida 2018 yilda 5 ming nafar chaqaloqda og‘ir nuqsonlar bilan tug‘ilish xavfi bartaraf etildi.

O‘tgan yildan boshlab biz bu borada yana bir katta ishni boshladik. Ya’ni, barcha shahar va tumanlar, ayniqsa, uzoq va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi markaziy poliklinikalar va qishloq oilaviy poliklinikalari qoshida ayollar uchun maslahatxonalar va bolalar salomatlik markazlari tashkil qilinmoqda. 

Yaxshi bilasizlar, men “Bog‘chaga borgan bola bilan bog‘chaga bormagan bolaning o‘rtasida katta farq bor”, degan fikrni, hayotiy haqiqatni takror-takror aytishdan, uni hamma joyda da’vat qilishdan charchamayman. O‘tgan davrdagi ikki yillik tajribamiz va joylarda aholi bilan olib borayotgan muloqotlarimizdan kelib chiqib, ana shu fikrga qo‘shimcha qilib aytmoqchiman: “Bog‘chaga borgan bolaning onasi bilan bog‘chaga bormagan bolaning onasi o‘rtasida ham katta farq bor”. Chunki har kuni tarbiyachilar, pedagog mutaxassislar, psixologlar, tibbiyot xodimlari bilan muloqotda bo‘lib, bolasidagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib, onalarning ham bilimi, hayotiy tajribasi, madaniy saviyasi oshadi. Bolalari bilan birga ular ham ijtimoiy-ma’naviy tarbiya muhitiga, jamiyatga yaqinlashadi, faollashadi. Shularning barchasini hisobga olib, biz maktabgacha ta’lim sohasiga ulkan e’tibor bermoqdamiz. 

O‘ylaymanki, mehribon onalar, buvijonlar sifatida buning ahamiyatini sizlar hammadan ko‘ra ko‘proq tushunasizlar.

Bugungi kunda mamlakatimizda 7 ming 104 ta maktabgacha ta’lim maskani faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi 2 yil davomida 2 ming 211 ta yangi bog‘chalar tashkil etilib, ularga qo‘shimcha 243 ming bola qabul qilindi. Boshqacha aytganda, yurtimizda bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olish darajasi so‘nggi bir yarim yilda 12 foizga oshib, 38 foizni tashkil etmoqda. 

Biz yaqin 4-5 yilda yurtimizdagi bog‘cha yoshidagi barcha bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olish vazifasini o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu – bizning ayollarimiz, bolalarimiz oldidagi qarzimiz, kerak bo‘lsa, kelajak oldidagi muqaddas vazifamiz va biz uni albatta ado etamiz. 

Oliy ta’lim sohasida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Hindiston, Italiya, Singapur, Latviya kabi davlatlarning 14 ta universitet va institutlarining filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, viloyatlarda tashkil etilgan respublika oliy o‘quv yurtlarining 23 ta bo‘limi ham ish olib bormoqda.

Bugungi kunda yurtimizdagi oliy ta’lim maskanlarida 373 ming 500 ga yaqin yoshlarimiz ta’lim olmoqda. Ulardan 168 ming 470 nafarini, ya’ni, 45,1 foizini qizlar tashkil etishi alohida e’tiborga loyiq. 

Hurmatli anjuman ishtirokchilari! 

Mamlakatimizda bolalar va xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning bilim olishi, mehnat qilishi, munosib hayot kechirishini ta’minlash bo‘yicha erishilayotgan natijalar nafaqat yurtimiz aholisi, balki xalqaro hamjamiyat, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

Bu borada ba’zi misollarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Oxirgi ikki yilda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida kreditlar ajratish hajmi 2 barobar oshirildi. 

Qiyoslash uchun aytadigan bo‘lsak, agar 2014-2016 yillarda tijorat banklari tomonidan xotin-qizlarga tadbirkorlik uchun jami 3 trillion 800 milliard so‘m kredit ajratilgan bo‘lsa, birgina 2018 yilning o‘zida esa bu ko‘rsatkich 3 trillion 361 milliard so‘mni tashkil etdi.

O‘ylaymanki, mana shu raqamlarning o‘zi ham ko‘p narsadan dalolat beradi. 

Bundan tashqari, yangi tashkil etilgan Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan yillik to‘lovi 7 foiz bo‘lgan imtiyozli kreditlar berish tizimi joriy etildi. Bu maqsadlar uchun o‘tgan yili 50 milliard so‘m ajratildi. Bu esa ayollarning oiladan, farzand tarbiyasidan ajralmagan holda, hunarmandlik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratib berishga xizmat qiladi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan joylarda 2018 yilda 2 mingdan ziyod kichik sex tashkil etilib, 18 mingga yaqin xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi.

Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda “Ustoz-shogird” tizimi asosida ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi vaqtda bu tajribani barcha hududlarda qo‘llash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida hududlarda zo‘rlikdan jabŕ ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha 155 ta markaz, “Ishonch telefonlari” tashkil etildi.

Xabaringiz bor, o‘tgan qisqa davrda yurtimizda uyma-uy yurib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha samarali tizim yaratildi. Ushbu tizim asosida 2018 yilda 47 ming 690 nafardan ortiq og‘ir sharoitda yashayotgan, shuningdek, 13 ming 344 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning muammolari joyida o‘rganildi. 

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ana shunday xotin-qizlarning 14 ming 750 nafardan ziyodiga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 13 ming 636 nafari ishga joylashtirildi, 24 ming 660 nafardan ortig‘iga 21 milliard 540 million so‘mga yaqin moddiy yordam berildi. Shu toifaga mansub, uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan opa-singillarimizga 4 mingga yaqin arzon uy-joylar topshirilib, davlat tomonidan ularning boshlang‘ich badallari to‘lab berildi. Ana shu turar-joylar atrofida tikuvchilik sexlari tashkil etilib, qariyb 1 ming nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. 

Biz bu ishlarni bundan buyon ham albatta izchil davom ettiramiz. Jumladan, 2019 yilda 1 ming 576 nafar sharoiti og‘ir xotin-qizlar uy-joylar bilan, shu toifaga mansub 13 ming nafardan ziyod qizlar ish bilan ta’minlanadi. 

Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan og‘ir sharoitda yashayotgan, nogironligi bo‘lgan 1 ming 460 nafardan ziyod xotin-qizlarga arzon uy-joylar uchun 54 milliard 580 million so‘mdan ortiq boshlang‘ich badallar to‘lab berildi. 

Albatta, haqiqatan ham ko‘makka muhtoj bo‘lgan bunday ayollarga keyingi 10 yilda arzon uy-joylar berilganini hech kim eslay olmasa kerak. Chunki bunday tizimning o‘zi yo‘q edi.

Shuningdek, joriy yilda og‘ir ijtimoiy ahvolda yashayotgan, nogironligi bo‘lgan 15 ming 282 nafar ayolga tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Shu toifaga kiradigan 10 mingga yaqin xotin-qiz nogironlik aravachasi, eshitish va harakatlanish vositalari bilan ta’minlanadi. 

Ayollarning mehnat va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Lekin o‘zining uy-joyiga, ish o‘rniga ega bo‘lgan har bir ayolning ortida oilasi, farzandlari, ota-onasi, yaqinlari borligini hisobga oladigan bo‘lsak, qancha xonadonga quvonch kirgani, qancha odamning ruhi ko‘tarilib, ularda hayotga, kelajakka ishonch paydo bo‘lgani biz uchun eng muhim natijadir. 

Muhtaram yig‘ilish ishtirokchilari!

Barchangiz yaxshi bilasiz, xalqimiz, millatimiz qiz farzandlarini doimo asrab-avaylab, mehr bilan voyaga yetkazadi.Ularni “ona qizim” deb ardoqlaydi. Chindan ham, qizlarimiz – bizning kelajagimiz, millatimiz genofondini asraydigan, munosib davom ettiradigan insonlardir va ularni jismoniy hamda ma’naviy barkamol etib tarbiyalash – ezgu burchimizdir. 

Ayniqsa, hozirgi kunda qizlarimizga zamonaviy ta’lim, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida tarbiya berish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, oilaga tayyorlash o‘ta dolzarb ahamiyat kasb́ etmoqda. Shu maqsadda barcha ta’lim maskanlari va mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan “Qizlarjon”, “Qiz bola va yosh oila”, “Mustaqil hayot ostonasida”, “Orasta qizlar” kabi klublar faoliyatini real hayotga, yoshlarimizning orzu-intilishlariga yanada yaqinlashtirish kerak, deb o‘ylayman. 

Shu o‘rinda yaqinda Namangan viloyatida aytgan bir fikrimni yana takrorlamoqchiman.

Agar siz farzandingizga dang‘illama uy qurib bersangiz – vaqti-soati kelib, u eskirishi mumkin. Agar eng zo‘r mashina olib bersangiz – uyam tez orada eskirishi mumkin. Agar unga moddiy boylik, pul qoldirsangiz – uyam bir kun sarf bo‘lib tugashi mumkin. Ammo dunyoda hech qachon eskirmaydigan, yo‘qolmaydigan bebaho bir boylik borki, u ham bo‘lsa, farzandingizga bergan bilim va hunardir. Lekin bilim va ma’rifatni qayerdan, nimadan olish mumkin? Avvalo, kitob degan xazinadan. 

Men yurtimiz yoshlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovini muntazam kuzatib boraman. Bu bellashuvlarda qizlarimizning eng yuqori o‘rinlarni egallayotgani ularning intellektual salohiyat va tirishqoqlik bobida hammani qoyil qoldirayotganidan dalolat beradi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Qizlar kutubxonasi” nomli mobil ilova yaratilib, ishga tushirilgani e’tiborga loyiq.

Bugungi kunda buyuk shoiramiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan qizlarimiz soni 283 nafarga yetdi. Ularning ko‘pchiligi hokimiyatlar, turli vazirlik, idora va tashkilotlarda, ommaviy axborot vositalari, ta’lim-tarbiya sohasida muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Bu mukofotning eng katta ahamiyati shundaki, unga sazovor bo‘lgan har bir qizimizga yuzlab, minglab yoshlar havas qilib, ularga eŕǵashadi. Yoshlar uchun ibrat timsoli – yetakchilik, liderlik timsoli paydo bo‘ladi. Eng muhimi, bunday ibrat o‘z qizlarimiz orasidan, o‘zimizning ma’naviy muhitdan yetishib chiqmoqda. Ularni ko‘rib, yoshlarimizda o‘ziga, o‘z kuchi va salohiyatiga ishonch, kelajakka intilish paydo bo‘lmoqda. 

Mana, bugungi davramizda Zulfiya nomidagi davlat mukofotining bu yilgi yangi sovrindorlari ham ishtirok etmoqda. Bugun sizlarning huzuringizda ularga ana shu mukofotlarni tantanali ravishda topshiramiz.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Barchamiz yaxshi tushunamizki, biz bunday yig‘ilishlarda nafaqat yutuqlarimiz haqida gapirishimiz, ayni vaqtda kamchilik va nuqsonlarimiz haqida ham ochiq-oshkora so‘z yuritib, ularni hal qilish yo‘llarini birgalikda izlashimiz zarur. 

Takror aytaman, xalqimiz, avvalo, siz, hurmatli opa-singillarimiz bilan maslahatlashib ish olib borsak, xato albatta kam bo‘ladi.

Shu ma’noda, ayollar o‘rtasida huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish masalasi ham doimiy e’tiborimiz markazida turishi lozim. Bu borada, birinchi navbatda, huquqbuzarlikka moyilligi bo‘lgan shaxslar bilan yakka tartibda ish olib borish hamda jazoni ijro etish maskanlaridan ozod qilingan xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, muqaddam sudlangan, diniy ekstremistik oqimga daxldorlikda gumon qilinganlar ro‘yxatidan chiqarilgan 3 ming nafardan ziyod ayol va notinch oilalarda yashayotgan xotin-qizlarga amaliy yordam berishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Ayni vaqtda sudlarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Xotin-qizlar qo‘mitalari vakillari jamoatchilik asosida himoyachi bo‘lib ishtirok etmoqda. Bunday yangi amaliyot natijasida 2018 yilda jinoyat sodir etgan va huquqbuzarlikka qo‘l urgan 893 nafar xotin-qiz kafillikka olinib, jazodan ozod etildi.

Oilaviy muammolar tufayli kelib chiqadigan jinoyatlarni keskin kamaytirish maqsadida 10 ming 14 ta notinch oila bilan profilaktika ishlari olib borildi va 71 foiz shunday oilaning notinchligi bartaraf etildi.

Xotin-qizlar, mahallalar, profilaktika inspektorlarining hamkorlikda olib borgan ishlari va ko‘rilgan choralar natijasida xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik 2018 yilda 34 foizga kamayganini alohida ta’kidlash lozim.

Bundan tashqari, Oliy sud bilan Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida memorandum imzolanib, ajrashish uchun ariza bergan shaxslarni dastlab Xotin-qizlar qo‘mitasida suhbatdan o‘tkazish va ajrim yuzasidan xulosasini olish yo‘lga qo‘yildi. 

Keng jamoatchilik vakillari o‘zaro hamkorlikda olib borgan ishlar tufayli 2018 yilda ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalarning 26 mingga yaqini yarashtirildi. Eng muhimi, buning natijasida 36 ming 500 nafarga yaqin bola ota yoki ona mehridan judo bo‘lishdan saqlab qolindi.

Yurtimizda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan insonlar bo‘lmasligi uchun bu boradagi ishlarni jaholatga qarshi ma’rifat asosida izchil davom ettirishimiz zarur.

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga, bugun meni eshitayotgan barcha yurtdoshlarimizga da’vat qilib aytmoqchiman: xalqimiz, Vatanimiz taqdiri va kelajagiga bevosita daxldor bo‘lgan 

bu masalada hech kim befarq bo‘lib chetda turmasligi kerak. Bu borada nafaqat xotin-qizlar qo‘mitalari, nafaqat mahalla faollari, balki barchamiz birgalikda qattiq ish olib borsak, vaziyat ijobiy tomonga albatta o‘zgaradi.

Bu maqsadga erishishda biz xotin-qizlarimizning og‘irini yengil qilish, ularning hayotiy muammolarini yechish, orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor imkoniyatlarini ishga solamiz. Siz, aziz opa-singillarimiz bu masalada avvalo o‘zlaringiz tashabbuskor bo‘lib, faol ishtirok etasizlar, deb ishonaman. 

Muhtaram do‘stlar! 

Sizlarga ma’lumki, onalik va bolalikni himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar uchun “Mo‘’tabar ayol” nishoni ta’sis etilgan edi. Bu yil 8 mart bayrami arafasida ushbu mukofot bilan 260 nafar opa-singillarimiz taqdirlandi. 

Fursatdan foydalanib, ularni sizlarning nomingizdan, o‘z nomimdan samimiy tabriklayman.

Bugungi bayram munosabati bilan Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oilalarni mustahkamlash borasidagi munosib xizmatlari uchun xotin-qizlarimizdan bir guruhi davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi. Mukofotlanganlar orasida o‘zining noyob iste’dodi bilan Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etgan atoqli olimlarimiz, shoir va adiblarimizning sadoqatli umr yo‘ldoshlari ham borligini alohida ta’kidlamoqchiman. Ularning ko‘pchiligi bugungi davramizda ishtirok etmoqdalar. 

Haqiqatan ham, o‘zining ilmiy va adabiy maktabini yaratgan ulkan olim va ijodkorning rafiqasi bo‘lish oson emas. Buni bilgan biladi, bilmaganlar bilib qo‘ysa, faqat foyda bo‘ladi. 

Mana shunday mehribon, oqila, zukko opa-singillarimiz o‘z umr yo‘ldoshlari – mashhur ilm-fan va adabiyot namoyandalarini doimo qo‘llab-quvvatlab, ularga ilhom bag‘ishlab kelganlari, ma’naviy tayanch bo‘lib, fidoyilik namunasini ko‘rsatganlari har qanday yuksak tahsinga loyiqdir. 

Yuksak unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan opa-singillarimizni, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan qizlarimizni chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, yangi-yangi muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt tilayman.

Munis va mehribon opa-singillar!

Biz sizlarning mana shunday ochilib, hayotdan rozi bo‘lib yurishingiz uchun, sizlarning baxtu saodatingiz uchun doimo sidqidildan xizmat qilishga tayyormiz.

Istaymizki, mana shunday quvonchli kunlarimiz ko‘p bo‘lsin!

Barchangizni bugungi bahor va nafosat, go‘zallik bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Iqbolingiz baland, umringiz uzoq, rizqu nasibangiz ziyoda bo‘lsin!

Hamisha sog‘-omon bo‘linglar!

O‘zA