«O‘zbekiston temir yo‘llari» Dehqonoboddagi poyezd voqeasi yuzasidan bayonot berdi
Bugun, 6 aprel kuni Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Oqrabot qishlog‘ida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida yer sathi cho‘kib, temir yo‘lga ziyon yetgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ushbu hodisa yuzasidan bayonot berdi.
Bu haqda xabar.uz xabar berayapti.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 6 aprel kuni ertalab kuchli yog‘ingarchilik sababli Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani Oqrabot qishlog‘ida sel kelib, temir yo‘l ostidagi yer cho‘kkan.
Ayni damda yo‘lning yuqori qismini mahkamlash ishlari amalga oshirilmoqda. Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida temir yo‘l vaqtincha yopib qo‘yilgan. «O‘zbekiston temir yo‘llari» tomonidan yo‘lda to‘xtab qolgan poyezd yo‘lovchilari avtobusda olib ketilgan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, poyezd vagonlariga zarar yetmagan.
Kompaniya rahbariyatining ta’kidlashicha, ushbu hudud kechgacha to‘liq tiklanadi.