"O‘zbekiston uchun 100 g‘oya"ga samarqandlik yoshlar qanday loyihalarni taqdim etyapti?
Prezident rahbarligida 2021 yil 27 yanvarda mamlakatimizda yoshlarning bandligini ta’minlash va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida "O‘zbekiston uchun 100 g‘oya" loyihasini amaliyotga joriy etish vazifasi berilgan edi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat yoshlarining 170 ga yaqin g‘oya va takliflari shakllantirildi.
- Keyingi paytlarda yurtimizda qonun va qonunosti hujjatlarni qabul qilishda yoshlarning ham takliflari inobatga olinyapti, - deydi O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari D.Ismoilov. - "O‘zbekiston uchun 100 g‘oya" loyihasi ham yoshlarning fikriga tayanib amalga oshirmoqda. Samarqandlik yoshlar tomonidan ham mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan takliflar kelib tushdi. Masalan, Murod Normo‘minovning “Javob TOP” startap loyihasi ro‘yxatga olindi. Ushbu loyiha o‘quvchilar va talabalar tomonidan berilgan murakkab savollarga javob beruvchi turli soha ekspertlarini qamrab olgan interaktiv onlayn platformadir. Loyihaning asosiy maqsadi bilimga ega bo‘lgan talabalar va mutaxassislarni muayyan fan yoki sohani o‘rganishda turli muammo hamda qiyinchiliklarga duch kelayotgan yoshlar bilan hamkorligini ta’minlash, ular uchun qo‘shimcha daromad keltiruvchi ish o‘rinlarini yaratishdir.
Tanlab olingan shu kabi barcha g‘oyalar saralanib va umumlashtirilib, respublika apparati va boshqa manfaatdor idoralarga taqdim qilindi.
Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.