O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildi
Bugun, 2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Vladimir Putinni muhim siyosiy tadbir – Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish bo‘yicha umummilliy ovoz berish jarayoni muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Prezidentlar fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining ishtiroki doirasida Moskva shahrida o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvning samarali natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida qat’iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Bo‘lajak oliy darajali tashriflar kun tartibidagi masalalarga, shuningdek, koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan chora-tadbirlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muloqot chog‘ida xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.