O‘zbekistonda 1054 nafar fuqaro koronavirus kasalligiga chalingan. 27 bemorda pnevmoniya klinik belgilari kuzatilmoqda
Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov mamlakatdagi epedimiologik vaziyat haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 1054 nafarni tashkil etdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 101 bemorning 27 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli nisbatan og‘irroq. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 101 bemordan 4 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.
Mamlakatimizda karantin tadbirlari davom etayapti. 81 mingdan ko‘proq holatda fuqarolarimiz uy va statsionar sharoitda karantin muddatini o‘tayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, karantin tadbirlarini buzganlar soni 55 mingdan ortib ketdi. Bunday fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan 30 barobarigacha, rahbar xodimlarga 30 barobaridan 50 barobarigacha jarima qo‘llash belgilangan. Balki, siz uchun bu unchalik katta mablag‘ emasdir. Lekin oilangiz, yaqinlaringiz salomatligini xavfga qo‘ymasdan, karantin tadbirlariga rioya qiling, uyda qoling!
Qanchalik ogoh, sergak, oilangiz, salomatligingiz oldida mas’ul bo‘lsangizgina vaziyatni jilovlay olishimiz mumkin. Bilingki, vaziyat har birimizning harakatimiz bilan uzviy bog‘liq.