O‘zbekistonda 261 fuqaro koronavirusdan sog‘aydi, 13 bemorning ahvoli og‘ir
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 1657 bemor ro‘yxatga olingan. 261 bemor sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazildi.
Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 113 bemorning 54 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 5 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 97 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 146 bemordan 45 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti.
Karantin tadbirlari davom etyapti. 92 mingdan ko‘proq fuqaromiz karantin muddatlarini o‘tayapti. Ularning barchasi tibbiy kuzatuv ostiga olingan. Ulardan olingan namunalar muntazam tekshirib turilibdi.
Ahamiyat bergan bo‘lsangiz mamlakatimizda kasallanish ko‘rsatkichi sur’ati bir muncha pasaygani sezilyapti. Eng asosiysi, kasallikdan forig‘ bo‘lib, reabilitatsiyaga o‘tkazilayotganlar soni ortib borayapti. Bu albatta, quvonarli hol. Lekin har birimiz uyda qolish, karantin tadbirlariga amal qilish orqali vaziyatga tas’ir qilishimiz va ijobiy natijalarga tezroq erishishimiz mumkin. Shuni yoddan chiqarmang!