O‘zbekistonda ilk bor qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi

Bu jarayon ikki yildan so‘ng amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi sohasida statistik ma’lumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan respublikamizda 2024 yilda qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish tadbiri o‘tkaziladi.

E’tiborlisi, joriy yilning avgust oyida viloyatimizning Jomboy tumani hamda Toshkent viloyatining Parkent tumanida sinov tariqasida ro‘yxatdan o‘tkazish belgilandi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil etish uch bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich (2022-2024 yillar) - qishloq xo‘jalik sohasida ro‘yxatdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish.

Ikkinchi bosqich (2024 yil) – bevosita qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirini amalga oshirish.

Uchinchi bosqich (2024-2026 yillar) – ro‘yxatdan o‘tkazishga doir ma’lumotlarni qayta ishlash, dastlabki va yakuniy natijalarni olish hamda e’lon qilish.

Viloyat statistika boshqarmasi  axborot xizmati.