O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 2019 yilning I choragida 9,4 foizni tashkil etdi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat resurslarini hisoblash, aholi bandligi darajasini belgilash, bandlik bo‘yicha haqqoniy ma’lumotga ega bo‘lish uchun uyma-uy yurib o‘rganish, shuningdek, ishga muhtoj aholi sonini aniqlash masalalarini yangi metodika asosida amalga oshirmoqda, deb xabar beradi Mehnat vazirligi matbuot xizmati.
Tekshiruv natijalari shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy faol aholiga nisbatan ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2018 yilning yanvar-dekabriga (9,3 foiz) nisbatan 0,1 foizga ko‘p, biroq 2018 yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 0,3 foizga pastroqdir. Eng yuqori ishsizlik darajasi 9,7 foiz bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Toshkent shahrida (8,0 foiz) aniqlandi. Ishga muhtoj aholi soni 1 391,1 ming kishini tashkil etdi. Ishsizlik darajasi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida 15,3 foizni, shundan 15-25 yoshlilar o‘rtasida 17,1 foizni, ayollar ishsizligi esa 13,0 foizni ko‘rsatdi.
Mehnat resurslari miqdori mehnatga layoqatlilar sonining 183,2 ming kishiga ortgani hisobiga 18 953,8 ming aholini tashkil etdi. Bu 2018 yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 1 foizga ko‘p.
Bundan tashqari, 2019 yilning yanvar-mart oylarida mehnat organlariga 173 265 shaxs (ulardan 61 880 nafari 16-30 yoshdashilar) murojaat qilgan. Murojaatchilarning 61 983 nafari ishga joylashtirilgan, 49 016 nafari jamoat ishlariga jalb etilgan, 6 977 nafari kasbiy tayyorlovga yo‘naltirilgan, 3 863 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlangan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan keng ko‘lamli tahlillar o‘tkazish, mehnat resurslari soni va sifatini xolis baholash, shuningdek, aholi bandligi va ishga joylashuvini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga erishish maqsadida mehnat bozorini muntazam tekshirib borish ishlari davom ettirilmoqda.