O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etdi
O‘zbekistonda 2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida ishsizlik darajasi 9,4 foizni tashkil etdi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xabariga ko‘ra, ishsizlik o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 foizga kamaygan.
2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida mehnat resurslari soni 19,3 million kishini tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 101,1 foizga yoki 2 million kishiga oshgan.
Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13,6 million kishini tashkil etib, mos davriga nisbatan 3,1 foizga (4 million kishiga) oshgan.
2021 yilning yanvar-sentyabr oylarida rasmiy sektorda band aholi soni 6,1 million kishini tashkil qilib, 2020 yilning shu davriga nisbatan yuridik shaxslarda band bo‘lganlar soni 7,9 foizga yoki 450,5 ming kishiga oshgani kuzatildi.
Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5,9 million kishini tashkil etib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 4,1 foiz yoki 254 ming kishiga kamaygan.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 16-30 yoshgacha bo‘lganlar orasida ishsizlik darajasi 14,9 foiz, ayollar orasida ishsizlik darajasi esa 12,8 foiz bo‘ldi.